YO‘LLANMA OLISH TARTIBI

YO‘LLANMA OLISH TARTIBI


O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Kengashi Rayosatining 2013 yil «26» yanvardagi
  9-24- sonli qaroriga 1 - ilova

Ijtimoiy sug‘urta budjeti mablag‘lari hisobidan sanatoriylarga yo‘llanmalarni rejalashtirish, chiqarish, taqsimlash, sotish, berish, hisobga olish va hisobotini yuritish tartibi to‘g‘risida
Y  O’  R  I  Q  N  O  M  A
I. Yo‘llanmalarni rejalashtirish, chiqarish, taqsimlash va sotish tartibi
1. O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi  qoshidagi Sanator-kurortlar boshqarmasi har yili kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylarning yo‘llanmalarini chiqarish rejasini tuzadi.
2. Yo‘llanmalarni chiqarish rejasi sanatoriylar tomonidan taqdim etilgan qabul jadvallari asosida, davolash ixtisoslashuvi, yil mavsumlari, sanatoriylardagi mavjud va foydalanishga topshiriladigan binolarning qabul qilish quvvatini hamda kapital ta’mirlashga (qayta qurish) to‘xtatilish muddatlari rejasini hisobga olgan holda tuziladi.
Sotib olinadigan yo‘llanmada davolanish muddati Sanator-kurortlar boshqarmasi Hay’at majlisining qarori bilan belgilanadi va bitta yo‘llanmadan faqat bir kishi foydalanadi.
3. Yangidan foydalanishga topshirilayotgan (qayta qurilayotgan) sanatoriylarga yo‘llanmalar, ular davolanuvchilarni qabul qilishga amalda tayyor bo‘lgan vaqtdan boshlab chiqariladi. Qo‘shimcha chiqarilgan yo‘llanmalar O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengashlari (bundan buyon matnda "Kengash” deb yuritiladi) bilan oldindan kelishilgan holda O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati qarori bilan taqsimlanadi. Yo‘llanmada "ijtimoiy sug‘urta budjeti hisobidan qo‘shimcha” shtampi qo‘yiladi.
Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan kelgusi yil uchun yo‘llanmalar chiqarish rejasi O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga har yilning 1 oktyabriga qadar taqdim etilishi lozim.
4. Birlashmalar tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari va kasaba uyushma qo‘mitalaridan kelgusi yil uchun sanatoriylar bo‘yicha choraklarga (mavsumiy ehtiyojni nazarda tutgan holda) taqsimlangan talabnomalarni yig‘ib, tarmoqlar kesimida jamlaydi va Kengash bo‘yicha jamlangan talabnomani har yilning 15 sentyabriga qadar O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga taqdim etadilar.
4.1. Har bir kasaba uyushmasi qo‘mitasi yo‘llanma olish uchun navbatda turgan xodimlarni ro‘yxatga olish kitobini yuritadi. Navbatda turgan xodimlarni ro‘yxatga olish kitobi asosida har yilning 1 sentyabrgacha kelgusi kalendar yil uchun yo‘llanmalarga talabnoma tuzib, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotiga taqdim etadi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tuzilmagan joylarda ish beruvchining yozma murojaati asosida, yo‘llanma ajratish bo‘yicha talabnomalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri xududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari Kengashlariga taqdim etadi.
5. O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ijtimoiy sug‘urta bo‘limi Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan yo‘llanmalarni chiqarish rejasiga asoslanib, Kengashlarning moliyaviy imkoniyatlari hamda ular tomonidan taqdim etilgan talabnomalarni e’tiborga olgan holda yo‘llanmalarni taqsimlash rejasi loyihasini tuzib O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi Rayosatiga tasdiqlash uchun kiritadi va uni har yilning 1 noyabrigacha xududiy birlashmalar va Sanator-kurortlar boshqarmasiga yuboradi.
Kengashlarga yo‘llanmalarni taqsimlash rejasi viloyat hududida joylashgan kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarning qabul qilish quvvatidan imkon boricha ko‘proq foydalangan holda tuziladi..
6. Kengashlar tarmoqlarning moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olgan holda yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini tuzib, rayosat qarori bilan tasdiqlaydilar va har yilning15 noyabrigacha tuman, shahar kasaba uyushma kengashlari va kasaba uyushma qo‘mitalariga yetkazadilar.
7. Tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari tasdiqlangan yo‘llanmalarni taqsimlash rejasi asosida yirik kasaba uyushma qo‘mitalari bo‘yicha (300 va undan ziyod xodimlar xizmat qiladigan) yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini tuzadilar va tasdiqlaydilar. Qolgan yo‘llanmalar esa, yo‘llanmalarni taqsimlash rejasining alohida «Boshqa kasaba uyushma qo‘mitalari» satrida aks ettiriladi.
8.Birlashmalar kasaba uyushma tashkilotlari talabnomalariga muvofiq, boshqa idoralarga qarashli sanatoriylarning yo‘llanmalarini quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda sotib olishlari mumkin:
-kasaba uyushmalari yo‘llanmalarining o‘rtacha bahosidan yuqori bo‘lmagan narxlarda;
-kasaba uyushmalari sanatoriylariga taqsimlash rejasiga muvofiq ajratilgan yo‘llanmalar to‘liq olingan holda;
-Sanator-kurortlar boshqarmasiga avval olingan yo‘llanmalar uchun qarzlar to‘liq qaytarilgan holda;
-budjetning «sanatoriy-kurortlarda davolanish» moddasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar ortib qolgan taqdirda.
Imkon boricha ko‘proq xodimlarni davolash maqsadida ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan qimmat narxdagi, shuningdek lyuks-palatalarga yo‘llanmalar sotib olish man etiladi.
9. Talab bo‘lmagan holda boshqa idoralar tasarrufidagi sanatoriylarga yo‘llanmalar ajratilishga ruxsat berilmaydi.
10. Yo‘llanmalarni yil mavsumlari bo‘yicha taqsimlashda ta’lim, fan va madaniyat, agrosanoat majmui tarmoqlari hamda boshqa tarmoqlarga qarashli ish faoliyati mavsumiy tusga ega bo‘lgan tashkilotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish lozim.
11. Sanator-kurortlar boshqarmasi kasaba uyushma tashkilotlariga yo‘llanmalarni tasdiqlangan taqsimlash rejasiga muvofiq, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan narxlarda sotadi.
Kasaba uyushma tashkilotlariga yo‘llanmalar tijorat ustama narxlarsiz sotiladi.
Sanator-kurortlar boshqarmasi O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishgan holda kuzgi-qishgi davr uchun sanatoriy yo‘llanmalari narxlarini qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Sanator-kurortlar boshqarmasi har yili 1 dekabrga qadar Kengashlar bilan kelgusi yil yo‘llanmalarini sotish bo‘yicha shartnomalar tuzadi.
12. Kengashlar sotib olingan yo‘llanmalar uchun pul mablag‘larini shartnomalarda ko‘zda tutilgan muddatlarda o‘tkazadilar.
13.Sanator-kurortlar boshqarmasi Kengashlarga yo‘llanmalarni quyidagi muddatlarda beradi:
-Ichorak uchun1 dekabrgacha;
-IIchorak uchun1 martgacha;
-IIIchorak uchun1 iyungacha;
-IVchorak uchun1 sentyabrgacha.
Tasdiqlangan yo‘llanmalar taqsimlash rejasining bajarilishi bo‘yicha mas’uliyat Kengashlar raislari zimmasiga yuklatiladi. 
Ob’ektiv sabablarga ko‘ra hamda taqsimlash rejasiga muvofiq Kengashlar tomonidan yo‘llanmalarni to‘liq sotib olish imkoniyati bo‘lmagan holda, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ijtimoiy sug‘urta bo‘limi Sanator-kurortlar boshqarmasi bilan birgalikda rejaga o‘zgartirish kiritishga haqli. 
Sanator-kurortlar boshqarmasi kasaba uyushma tashkilotlariga ijtimoiy sug‘urta mabag‘lari hisobidan sotib olinayotgan yo‘llanmalarni berishdan avval ularga: «Ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan haqi to‘langan. Qayta sotish mumkin emas» degan shtamp qo‘yadi.
14.Birlashmalar tuman va shahar kasaba uyushmalari kengashlari hamda kasaba uyushma qo‘mitalariga yo‘llanmalarni ular amal qilish muddatidan 30 kun avval beradi.
Birlashma kengashi rayosatida tasdiqlangan reja bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan o‘z vaqtida olinmagan va ular tomonidan Kengashlarga qaytarilgan yo‘llanmalar, talabnoma asosida boshqa tarmoq kasaba uyushmasi qo‘mitalariga beriladi.
15.Yo‘llanmalar berilishida schet-faktura 2 nusxada yoziladi. Ularda sihatgohning nomi, yo‘llanmalar raqami, yo‘llanmalarning soni va muddati, har bir yo‘llanmaning narxi va barcha yo‘llanmalarning umumiy qiymati ko‘rsatiladi.
16.Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan talab qilib olinmagan yo‘llanmalar Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslargakelishilgan narxlarda sotiladi.
II. Yo‘llanmalarni berish tartibi
17.Xodimga davolanish uchun yo‘llanma uning ish joyidagi kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan navbat bo‘yicha beriladi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tuzilmagan joylarda ish beruvchining ishonchnomasiga asosan Kengash tomonidan yo‘llanma ajratiladi.
Xodimlardan tushgan barcha arizalar yo‘llanma olish uchun navbatda turgan xodimlarni ro‘yxatga olish kitobiga kiritiladi va ularga yo‘llanma olish uchun navbat belgilanadi.
18.Xodim ijtimoiy sug‘urta yoki kasaba uyushma budjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma olishidan qat’iy nazar, unga ikki yilda bir marotaba yo‘llanma beriladi.
19.Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sotib olinadigan yo‘llanmalar:
-10 foizgacha – bepul;
-90 foizgacha – qiymati qisman undirilgan holda beriladi.
Yo‘llanmalar qiymatining undiriladigan miqdori O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati qarori bilan tasdiqlanadi.
20.Yo‘llanmalarning qisman yoki to‘liq qiymatini to‘lash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
-bank muassasalari orqali "E’lon” bo‘yicha naqd pul yoki plastik kartochka orqali Kengashning ijtimoiy sug‘urta budjeti hisob raqamiga o‘tkaziladi;
-kasaba uyushma qo‘mitasi yoki tuman, shahar tarmoq kasaba uyushma kengashlari kassasiga naqd pulda to‘lanadi;
-korxona buxgalteriyasi tomonidan xodimning arizasiga ko‘ra ish haqidan ushlab qolinadi.
Olingan yo‘llanma uchun xodim tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki tuman, shahar tarmoq kasaba uyushma kengashlari kassasiga to‘langan naqd pul tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng, kassaga kirim qilinadi va qonunchilikda belgilangan tartibda bank muassasalariga topshirilib, Kengashning ijtimoiy sug‘urta budjeti hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan yo‘llanmalarga mablag‘ to‘lash uchun yoziladigan bank hujjatlarida to‘lov maqsadlari to‘liq va aniq ko‘rsatilishi (yo‘llanma oluvchining F.I.Sh, yo‘llanma raqami, sanatoriy nomi) shart.
Yo‘llanmaning qisman qiymati xodimning ish haqidan ushlab qolingan holda, korxona bosh buxgalteri ushlab qolingan mablag‘ni Kengashning ijtimoiy sug‘urta budjeti hisob raqamiga o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilishi uchun javobgardir.
Yo‘llanmaning qisman qiymati o‘z vaqtida va to‘liq tushishi uchun Kengashlar, tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari raislari, bosh buxgalterlari hamda kasaba uyushma qo‘mitalari raislari javobgardir.
21.Yo‘llanmaning qisman yoki to‘liq qiymati to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozi (kvitansiya) taqdim etilmaguncha yo‘llanma berilmaydi.
22.Miokard infarktining o‘tkir xurujidan so‘ng bemorlar sanatoriyda davolanishni davom ettirishlari uchun ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sotib olingan yo‘llanmalar sog‘liqni saqlash organlari tavsiyasini e’tiborga olgan holda umumiy asoslarda beriladi.
23.Sanatoriyda davolanish uchun bepul yo‘llanmalar birinchi navbatda ishlovchi:
baynalmilalchi jangchilarga;
yadro poligonlarida va yadro-radiatsiyasi mavjud ob’ektlarda harbiy hizmatini o‘tagan shaxslarga (O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 31 maydagi 188-sonli qaroriga asosan);
o‘z harbiy burchini bajarish paytida sog‘lig‘iga shikast yetganlarga;
Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlarga;
O’zbekiston Respublikasi oldida xizmat ko‘rsatganlarga;
mehnat faxriylari va nogironlariga;
ko‘p bolali (to‘rt va undan ortiq bola), kam ta’minlangan oilalarning mehnat qiladigan a’zolariga beriladi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan toifadagi xodimlardan talabnomalar bo‘lmagan hollarda, bepul yo‘llanmalar mazkur yo‘riqnomaning 19-bandiga amal qilgan holda boshqa ishlovchi kasaba uyushma a’zolariga beriladi.
24.Kasaba uyushma tashkilotlari mavsumiy ehtiyojlarni hisobga olgan holda bepul yo‘llanmalarni berish me’yorlarini tartibga solishi mumkin.
25.Sanatoriyda davolanish uchun yo‘llanmalar kasaba uyushma qo‘mitasining, u tuzilmagan joylarda esa korxona ma’muriyati tomonidan tuzilgan ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha komissiyaning qarori asosida beriladi.
Kasaba uyushma tashkilotlari yo‘llanmalarni ajratishda va ularni to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar berishda ijtimoiy adolat tamoillariga amal qilishlari, aniq yo‘nalishga ega bo‘lishlari hamda yo‘llanmalarni mehnat jamoasining ijtimoiy tuzilmasiga mos ravishda taqsimlashlari lozim.
Bu masalalar hamjihatlikda ko‘rib chiqilishi, qabul qilingan qarorlar oshkora e’lon qilinishi zarur.
Kasaba uyushma qo‘mitalari ajratilgan yo‘llanmalar to‘g‘risida xodimlar oldida hisobot berishlari lozim. 
Yo‘llanmalarni kasaba uyushma qo‘mitasi raisi yoki boshqa a’zolarining ko‘rsatmasi bo‘yicha berish ta’qiqlanadi.
26.MDH va xorijiy mamlakatlarning sanatoriylari, O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tibbiy-sanitariya birlashmasi (Kislovodsk va Yalta shaharlarida joylashgan "O’zbekiston” dam olish-sog‘lomlashtirish sanatoriylaridan tashqari) sanatoriylari yo‘llanmalarining haqi ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan to‘lanmaydi.
27.Ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sotib olingan yo‘llanmalardan uzrli sababga ko‘ra foydalanishning iloji bo‘lmay qolgan hollarda, tuman, shahar tarmoq kasaba uyushma kengashlari va kasaba uyushma qo‘mitalari ularni amal qilish muddati boshlanishidan kamida 15 kun oldin Kengashlarga qaytarishi zarur. Yo‘llanmani qaytarishdagi schet-fakturaga qaytarish sabablari ko‘rsatilgan tushuntirish xati ilova qilinishi lozim.
Kengash tomonidan qabul qilingan yo‘llanma uchun tuman, shahar tarmoq kasaba uyushma kengashlari va kasaba uyushma qo‘mitalariga ishonch qog‘ozi beriladi.
28.Birlashmalar qaytarilgan yo‘llanmalardan boshqa kasaba uyushma tashkilotlari foydalanishi choralarini ko‘radi.
Yo‘llanmalar talab qilinmay qolsa, Kengash yo‘llanmalarni amal qilish muddati boshlanishidan kamida 10 kun oldin Sanatoriy-kurortlar boshqarmasiga qaytarishi zarur. 
Bu holda yo‘llanmalarning to‘liq qiymati Kengashlarga qaytariladi.
29.Kasaba uyushma tashkilotlari xodimni, avval olgan yo‘llanmadan uzrli sababsiz foydalanmaganligi yoki uni boshqa shaxsga berganligi uchun, ma’lum muddatga yo‘llanma olish huquqidan mahrum qilishlari mumkin. 
30.Xodimlarga davolanish uchun yo‘llanmalar, ularning amal qilish muddati boshlanishidan kamida 20 kun avval beriladi.
31.Xodim yo‘llanma olish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
-ariza;
-tibbiy ma’lumotnoma;
-pasport nusxasi;
-mehnat daftarchasi nusxasi; 
-mehnat ta’tili berilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
-yo‘llanma qiymati to‘liq yoki qisman to‘langani to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozi (kvitansiya);
32.Xodimga berilgan yo‘llanma, oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi (pasport asosida), ish joyi, lavozimi, yo‘llanma bergan kasaba uyushma tashkilotining nomi ko‘rsatilgan holda to‘ldirilishi hamda kasaba uyushma tashkiloti raisi tomonidan (raisning familiyasi ko‘rsatilgan holda) imzolanishi va muhri bilan tasdiqlanishi shart.
Yo‘llanmaga tuzatishlar yo‘llanma berayotgan oxirgi kasaba uyushma tashkiloti tomonidan kiritiladi va tasdiqlanadi. Kiritilgan o‘zgartirish va tuzatishlar to‘g‘risida Kengashga yozma axborot beriladi.
Kasaba uyushma tashkiloti muhri bemalol o‘qiladigan darajada tiniq bo‘lishi kerak.
To‘ldirilmagan yo‘llanmalarni berish qat’iyan taqiqlanadi.
Yo‘llanma faqat kasaba uyushma tashkilotidan olgan shaxs uchungina haqiqiy hisoblanadi.
33.Sanatoriylar tomonidan to‘ldirilmagan, muhri noaniq qo‘yilgan yo‘llanmalar bilan kelgan shaxslarni qabul qilinishi, yo‘llanmaga tuzatish kiritilishi qat’iyan ta’qiqlanadi.
Ushbu tartibbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun sanatoriy rahbari shaxsan javobgardir.
Yo‘llanma noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani, yo‘llanma bo‘yicha boshqa shaxs kelgani aniqlangan holda, sanatoriy mas’ul xodimlari yo‘llanma nusxasini olib, yozma ravishda Federatsiya Kengashining kasaba uyushmalari tashkilotlarining yo‘llanmalardan maqsadli foydalanishini o‘rganish komissiyasiga chora ko‘rish uchun xabar beradi.
34.Xodim yo‘llanma olgandan keyin sanatoriyga taqdim etish uchun sanatoriy-kurort kartasini (0.7.2./U-shakl) rasmiylashtiradi. Davolash usuli mos kelmasligini ko‘rsatuvchi belgilar aniqlangan holda, u sanatoriyga qabul qilinmaydi.
35.  Shifokor hulosasiga ko‘ra sanatoriyda davolanishi juda zarur bo‘lgan xodimga, kasaba uyushma tashkilotida yo‘llanma bor bo‘lgan taqdirda, sanatoriy-kurortlar yo‘llanmalari to‘g‘risidagi hisobotda (14-shakl) aks ettirilgan va xodimga berilgan sanatoriy yo‘llanmalari ro‘yxatiga kiritilgan holda, sanatoriy yo‘llanmasi to‘liq qiymatiga berilishi mumkin.
III. Yo‘llanmalar bo‘yicha hisob-kitob va hisobotlar yuritilishi
36.Yo‘llanmalarni hisobga olish Kengashlar, tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari va kasaba uyushma qo‘mitalarida «Yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi»da (13-shakl) yuritiladi.
Yo‘llanmalar olingan tartibda schet-fakturaga muvofiq kirim qilinadi. Har bir yo‘llanma kitobda alohida satrda qayd qilinadi.
Yo‘llanmani xodimga berish vaqtida, yo‘llanmalarni hisobga olish kitobining tegishli qatori bo‘yicha yo‘llanma berilgan sana, asos (kasaba uyushma qo‘mitasi qarori), kimga berilgani (xodimning familiyasi, ismi, sharifi pasport bo‘yicha), ish joyi, lavozimi, pul to‘langan sana, to‘lov qog‘ozi raqami va yo‘llanma uchun to‘langan summa aks ettirilishi, shuningdek xodimning yo‘llanma olgani to‘g‘risida imzosi bo‘lishi lozim.
37.Yo‘llanma berilishiga asos bo‘lgan quyidagi hujjatlar alohida papkaga tikilishi va yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi bilan birga moliyaviy xujjatlar kabi saqlanishi zarur:
-olingan yo‘llanmalar uchun schet-faktura;
-xodimning arizasi;
-tibbiy ma’lumotnoma;
-tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining qarori;
-mehnat ta’tili berilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
-pasport nusxasi;
-mehnat daftarchasining nusxasi;
-yo‘llanma qiymati qisman to‘langani to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozi;
-yo‘llanmaning qaytariluvchi taloni.
38.Kasaba uyushmalari tuman, shahar kengashlari, kasaba uyushma qo‘mitalari yuqori kasaba uyushma tashkilotiga sanatoriy-kurortlar yo‘llanmalari to‘g‘risidagi hisobotni (14-shaklda) yilning har bir choragi yakunlari bo‘yicha hisobot choragidan keyingi oyning 8-kuni (8 aprel, 8 iyun, 8 oktabr, 8 yanvar) dan kechiktirmay taqdim etishlari zarur.
Hisobot yo‘llanmalarni hisobga olish kitobidagi ma’lumotlarga asoslangan holda tuziladi, bunda yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi ma’lumotlari va sanatoriy-kurortlar yo‘llanmalari to‘g‘risidagi hisobot orasida farq bo‘lishi mumkin emas.
Hisobotga ilova qilinadigan sanatoriylarga berilgan yo‘llanmalar ro‘yxati kengash (kasaba uyushmasi qo‘mitasi) raisi hamda hisobchisi tomonidan imzolangan, muhrlangan holda qog‘oz va elektron shakllarda topshiriladi. 
39.Birlashmalar yo‘llanmalar kirimini 4-jurnal orderida yuritadilar. Unda kasaba uyushma organlari tomonidan yo‘llanmalar olinishiga qarab schet-fakturalar qayd qilib boriladi.
Birlashma kengashiga qaytarilgan, foydalanilmagan yo‘llanmalar ham jurnal orderga umumiy tartibda kiritiladi.
Jurnal orderiga hujjatning tartib raqami, schet-faktura sanasi va raqami, yo‘llanmalar kimdan olingani, ularning soni va qiymati yozilishi, shu yerning o‘zida korrespondent hisob varaqlarining shifrlari ko‘rsatilishi lozim.
Jurnal oyma-oy hisob-kitob qilib boriladi va chorak yakunlanganidan so‘ng olingan yo‘llanmalarning umumiy qiymati korrespondent hisob varaqlarining krediti bo‘yicha ajratilib, hisoblab chiqiladi va bosh kitobda qayd etish uchun buxgalteriya o‘tkazmasi tuziladi.
Olingan yo‘llanmalarning schet-fakturalari tikilib, jurnal-order bilan birgalikda alohida papkada saqlanadi.
40.Kasaba uyushma tashkilotlariga hisobdorlik asosida berilgan yo‘llanmalarning chiqimi 5-jurnal orderda yuritiladi, shuning o‘zida foydalanilmagan yo‘llanmalar, ular olingan Kengash yoki tashkilotga qaytarilishi hisobi ham olib boriladi. 
Jurnal oyma-oy hisob-kitob qilib boriladi va chorak yakunlanganidan so‘ng olingan yo‘llanmalarning umumiy qiymati korrespondent hisob varaqlarining debeti bo‘yicha ajratilib, hisoblab chiqiladi va "Bosh kitob”da qayd etish uchun buxgalteriya o‘tkazmasi tuziladi.
41. Yo‘llanmalarni hisobdan chiqarish, qabul qilingan sanatoriy-kurortlar yo‘llanmalari to‘g‘risidagi hisobotlarning (14-shakl) ma’lumotlari hamda ularni 6-jurnal orderda qayd qilinishi asosida amalga oshiriladi.
6-jurnal orderda hisobot topshirgan tashkilot nomi, summa (berilgan yo‘llanmalar qiymati), xarajatlar tegishli bo‘lgan korrespondent hisob varaqlari ko‘rsatiladi.
Jurnalda ishchilarga va ishlab chikarish ustalariga, talabalarga, ayollarga, shuningdek bepul, qisman va to‘liq qiymatiga berilgan yo‘llanmalar soni, alohida-alohida ustunlarda qayd etiladi.
Yo‘llanma olgan har bir kasaba uyushma tashkiloti uchun sanatoriy yo‘llanmalarining qisman to‘lovi tushumini nazorat qilish varaqasi ochiladi.
42.Birlashmalar yo‘llanmalarni tasdiqlangan rejaga muvofiq:
-tuman, shahar tarmoq kasaba uyushmalari kengashlariga, kasaba uyushma qo‘mitalariga ularning ishonchnomalari asosida schet-fakturalar yozish yo‘li bilan beriladi;
-kam sonli kasaba uyushma tashkilotlarida yo‘llanmalar Kengashdan bevosita davolanishga yuborilayotgan xodimning o‘ziga yo‘llanma berilishi uchun taqdim etilgan hujjatlar va boshlashg‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi qarori asosida yo‘llanmalarni hisobga olish kitobiga (13-shakl) kiritgan holda beriladi hamda barcha hujjatlar Kengashda saqlanadi.
Tuman, shahar tarmoq kasaba uyushmalari kengashlari tomonidan yo‘llanmalar kirim-chiqimi yo‘llanmalarni hisobga olish kitobida yuritiladi, taqdim etilgan xujjatlar va kasaba uyushma kengashining qaroriga asosan yo‘llanmalar bevosita davolanishga yuborilayotgan xodimning o‘ziga beriladi, xodim yo‘llanmalarni hisobga olish kitobida yo‘llanma olgani to‘g‘risida imzo chekishi lozim.
Yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi va taqdim etilgan xujjatlar alohida papkaga tikilib, kasaba uyushma qo‘mitalari va tuman, shahar tarmoq kasaba uyushmalari kengashlarida saqlanadi.
43.Birlashmalarda ijtimoiy sug‘urta budjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma olish uchun berilgan ishonchnomalarni hisobga olish uchun alohida jurnal yuritadilar, ular 10 kun muddat ichida olingan schet-fakturalar bo‘yicha yopilishi lozim.
Begona shaxslarga Ishonchnoma berish qat’iyan man etiladi. Bu uchun Kengashning kredit boshqaruvchisi shaxsan javobgardir.
IV. Yo‘llanmalardan maqsadli foydalanilishi bo‘yicha nazorat va mas’uliyat
44.Mazkur Yo‘riqnoma qoidalariga amal qilish uchun shaxsiy javobgarlik:
-Viloyat Kengashi raislari;
-tuman, shahar tarmoq kasaba uyushmalari kengashlari raislari;
-korxona, muassasa, tashkilot kasaba uyushma qo‘mitalari raislari;
-O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Sanator-kurortlar boshqarmasi boshlig‘i;
-kasaba uyushmalari sanatoriylari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
45.Sanator-kurortlar boshqarmasi har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 20-kuni, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga yo‘llanmalarni taqsimlash rejasi bajarilishi va har bir sanatoriy bo‘yicha yo‘llanmalarning haqiqiy tannarxi tahlili to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim qiladi.
46.Sanator-kurortlar boshqarmasi O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga har yili, yil yakuniga, sanatoriylarning hisobotlariga ko‘ra, Kengashlar bo‘yicha sanatoriylarga kelmaganlar to‘g‘risida, yo‘llanmalar raqami aks ettirilgan ma’lumotnoma taqdim etadi hamda har bir yo‘llanma bo‘yicha xodimlar sanatoriylarga kelmagani, kechikib kelgani yoki sanatoriylardan muddatidan oldin ketgani natijasida to‘liq yoki qisman sarflanmay qolgan ovqatlanish va davolanish haqlarining umumiy qiymatini O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining ijtimoiy sug‘urta budjeti hisob raqamiga o‘tkazib beradi.
Bu mablag‘lar O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati qaroriga binoan kasaba uyushmalari sanatoriylaridagi sharoitlarni yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.
47.Agar ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan yo‘llanma olgan xodim, yo‘llanmadan foydalanmasa va o‘z vaqtida uzrli sababsiz kasaba uyushma tashkilotiga qaytarib topshirmasa yoki boshqa shaxsga berib yuborsa, shuningdek xodim mazkur Yo‘riqnomaning 18-bandida ko‘rsatilgan muddatdan oldin ikki va undan ortiq marta yo‘llanmadan foydalanganligi aniqlansa, undan yo‘llanma qiymatining, qisman to‘langanidan qolgan qismi yoki yo‘llanma bepul berilgan bo‘lsa, to‘liq qiymati undirib olinadi.
Yo‘llanma kasaba uyushmalari xodimlari aybi bilan foydalanilmay qolgan (berilmagan) yoki ular begona shaxslarga berilgan hollarda yuqori kasaba uyushma tashkiloti O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq moddiy zararni undirish choralarini ko‘radi.
Zaruriyat bo‘lganda, Federatsiya Kengashining kasaba uyushmalari tashkilotlarining yo‘llanmalardan maqsadli foydalanishini o‘rganish komissiyasi, kasaba uyushma tashkilotlari va sanatoriylarda yo‘llanmalardan foydalanish bo‘yicha tekshiruv vaqtida aniqlangan yo‘llanmalar noto‘g‘ri rasmiylashtirilishi, boshqa shaxsga berilishi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanilishi faktlarini ko‘rib chiqadi.
O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi ijtimoiy sug‘urta bo‘limi yoki Federatsiya Kengashining Nazorat-taftish komissiyasi tomonidan yo‘llanmalardan noto‘g‘ri foydalanilganligi aniqlanganda, qayta tiklangan mablag‘ O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ijtimoiy sug‘urta budjeti hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
48.Sanatoriylar davolanishga kelgan shaxsning familiyasi va to‘liq ismini, sanatoriyda amalda bo‘lgan vaqtini ko‘rsatib, yo‘llanmaning qaytariluvchi talonini berishlari shart. 
Yo‘llanmaning qaytariluvchi taloniga sanatoriy shtampi qo‘yilishi va sanatoriy ro‘yxatchisi familiyasini to‘liq ko‘rsatgan holda imzo chekilishi lozim.
49.Sanatoriydan qaytgan xodim yo‘llanma bergan kasaba uyushma tashkilotiga sanatoriy tomonidan to‘ldirilgan yo‘llanmaning qaytariluvchi talonini topshirishi shart va bu to‘g‘rida yo‘llanmalarni hisobga olish kitobida tegishli yozuv qayd qilinadi.
50.Yo‘llanmaning qaytariluvchi taloni yo‘llanmadan foydalanganlikni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
U yo‘qolgan holda yo‘llanma bergan kasaba uyushmasi tashkilotining so‘rovi bo‘yicha sanatoriy rahbari tomonidan imzolangan, xodimning sanatoriyda bo‘lgan vaqti ko‘rsatilgan ma’lumotnoma tasdiqlovchi hujjat bo‘ladi.
51.Yo‘llanmalardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni Kengashlar, tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari, kasaba uyushma qo‘mitalari shuningdek ularning taftish komissiyalari amalga oshiradi.
 

ORQAGA QAYTISH


© 2016 Íàâîèé âèëîÿò êàñàáà óþøìàëàðè òàøêèëîòëàðè áèðëàøìàñè