MAJBURIY MEHNATGA QARSHI KURASH

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashida mamlakatimizda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida kasaba uyushmalari faollari tomonidan olib borilayotgan milliy monitoring yuzasidan o‘quv-seminar tashkil qilindi.
Unda milliy monitoring hududiy ishchi guruhi a’zolari, viloyat kengashi mehnat inspektorlari, murojaatlar bilan ishlash mutaxassislari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat huquq inspektsiyasi mas’ullari, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Navoiy viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi hamda tuman kengashlari raislari mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar. Qayd qilingandek, hozirgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun me’yordagidek shart-sharoitlar yaratish, bolalar mehnatidan foydalanmaslikni targ‘ib qilish, bu borada aholi qatlamlari orasida tushuntirish ishlarini olib borish keng yo‘lga qo‘yilgan. Barcha tuman va shaharlar markazlarida yo‘llar atrofiga bannerlar o‘rnatilgan bo‘lib, poster va bukletlar tarqatish ishlari ham uzluksiz davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, xorijga ketayotgan fuqarolarni begona yurtlarda majburiy mehnat qurboni bo‘lib qolishdan himoya qilish maqsadida «Ishonch» telefonlari ham tashkil etilgan. Eng muhimi, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berib, 2022 yil sentyabriga qadar Navoiy viloyatidagi korxona va tashkilotlarda, nodavlat notijorat korxonalarida ishchi-xizmatchilarni majburiy mehnatga jalb etish holati biror marta kuzatilmadi. Bunda viloyatdagi turli korxona va tashkilotlarda tuzilgan kasaba uyushmalari qo‘mitalarining ham munosib hissasi bor.
Olimjon BOBOMURODOV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri


© 2016 Íàâîèé âèëîÿò êàñàáà óþøìàëàðè òàøêèëîòëàðè áèðëàøìàñè
Îðòãà қàéòèø