Faoliyatimiz davomida qator seminar va davra suhbatlarida ishtirok etib kelamiz. Xususan, yaqinda O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashida tashkil etilgan seminardagi ishtirokimiz ham fikrimizning yaqqol isbotidir. Mazkur seminarda ishtirokchilarni sohaga oid bir qator savollar qiziqtirdi. Shulardan biri esa alement undirish bilan bog‘liq savol edi. Bugun e’tiboringizga mazkur mavzuga oid ma’lumotlarni taqdim etamiz.
O’zbekiston Respubliksi Konstitutsiyasining 77-moddasiga ko‘ra Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.
Bu qoidadan kelib chiqib aytish mumkinki, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oila nikoxlanuvchi er-xotinning o‘zaro ixtiyoriy roziligi asosida tashkil topadi va shundan so‘ng davlat muxofazasiga olinadi. Qonunda ko‘zda tutilganidan boshqacha tarzda tuzilgan nikoxlar haqiqiy emas deb etirof etiladi.
Davlat va jamiyat bolani oilada barkamol va yetuk bo‘lib o‘sishidan manfaatdordir.Shunday ekan O’zbekiston Respublikasida otalik, onalik va bolalik ham davlat muxofazasida bo‘ladi.
Konstitutsiyada belgilanishicha, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Xuddi shunday voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar ham o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.
Aynan mana shu qoida yani voyaga yetgan farzandlarning o‘z ota-onalariga g‘amxurligi borasidagi masulligi boshqa rivojlangan davlatlarning asosiy qonunlarida uchramaydi. Bundan ko‘rinadiki O’zbekiston Respublikasida inson qadri ustuvor va davlat himoyasida bo‘ladi.
Biz shu o‘rinda bola manfaati nuqtai nazaridan sud tomonidan aliment undirish maslasi haqida to‘xtalmoqchimiz.
Alimentlar oila kodeksida belgilangan tartibda er-xotinning o‘zaro kelishuvi yoki sud hujjati (hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i) asosida undiriladi. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv taraflar o‘rtasida yozma shaklda tuzilishi va albatta notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Notarial tartibda tasdiqlangan aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega bo‘ladi.
Aliment undirish to‘g‘risidagi talab da’vogarning tanlovi bo‘yicha sudga tegishlidir. Yani da’vogar o‘zi yashayotgan yoki javobgar yashayotgan yoxud o‘zi vaqtincha bo‘lib turgan hududdagi sudga aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishga haqli.
Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Aliment undirish to‘g‘risidagi sud hujjati majburiy ijro byurosi organlari tomonidan ijro etiladi.
Aliment bola ta’minoti asosi sifatida u voyaga yetgunga qadar har oyda undirib boriladi. Voyaga yetmagan bola ta’minoti uchun aliment to‘lamaslik qonunlarga ko‘ra javobgarlikki sabab bo‘ladi.
Aliment undirish to‘g‘risidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi.Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Aliment sudga murojaat qilingan paytdan undiriladi. Agarda aliment oluvchi aliment olish uchun barcha choralarni ko‘rgan bo‘lsa va aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs aliment to‘lashdan bosh tortgan va insofsizlik bilan harakat qilgan bo‘lsa sud bunday holatda o‘tgan davr uchun sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida aliment undirishi mumkin.
Alimet to‘lanishi borasida Oila kodeksiga kiritilgan so‘ngggi o‘zgartirishlardan biri bu voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun bir yo‘la pul mablag‘ini berish yuli bilan yoki ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkinligi haqidagi qoidani mustahkamlanganligidir.
Voyaga yetmagan bolalar uchun to‘lanadigan aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflar (er-xotin) o‘zaro kelishuv tuzishga haqli emaslar.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytmoqchimizki voyaga yetmagan bolani tarbiyalab voyaga yetkazish ota-onani qonuniy burchi hisoblanadi. Unutmaslik lozimki har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga egadir.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi G’ayrat Yakubov