Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan inson manfaatlari yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson qadrini ulugʻlash, uning qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan ushbu izchil islohotlar jarayonida kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqdalar.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan kasaba uyushmalarining jamiyatdagi rolini oshirish asnosida mazkur jamoat tashkilotining tarixi, xususan, ilk kasabachilik harakatining paydo boʻlishi omillarini oʻrganish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xuddi shu maqsadda maxsus ishchi guruhi tuzilib, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti, Oʻzbekiston Milliy arxivi, Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi arxivi, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar boʻlimi, Oʻzbekiston tarixi muzeyi va boshqa qator ilmiy muassasalarda yetuk tarixchi olimlar, ilmiy xodimlar, sharqshunoslar bilan tadqiqot ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida joylashgan Rossiya davlat tarixi arxivi fondi hamda Rossiya milliy kutubxonasida besh mingdan ortiq hujjatlar ustida oʻrganishlar olib borilib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari tarixiga oid qimmatli maʼlumotlar aniqlandi. Shuningdek, Turkiston general gubernatorligida ishchilar harakatiga oid chop etilgan "Turkiston”, "Ishchilar dunyosi”, "Xurshid”, "Taraqqiy” va "Samarqand” gazetalarining 500 dan ortiq sonlari oʻrganildi.
Tarixiy manbalar ishchi-xodimlarning ilk kasaba uyushmalari XIX asrning ikkinchi yarmida Angliya va Amerikada vujudga kelgan boʻlsa, XX asrning boshlarida Turkiston oʻlkasida ilk kasabachilik harakati boshlanganligini koʻrsatmoqda. Tadqiqotlarga koʻra, butun jahonda boʻlgani kabi Turkiston zaminida ham kasaba uyushmalari paydo boʻlishidan oldin ishchi-xizmatchilar turli toʻgarak, yigʻin va uyushmalarga birlasha boshlagan. 1905-yilda Toshkentda ishchilarning 15 ta ana shunday toʻgaragi faoliyat yuritgan.
Tadqiqotlarga koʻra, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari qariyb 120 yillik tarixga ega boʻlib, oʻlkadagi ilk kasaba uyushmalari 1905-yilda temir yoʻl ishchilari va aloqa xodimlari tomonidan tashkil etilgan. 1905-yil kuzida temir yoʻl uyushmasining Turkiston boʻlimi tashkil etilgan. 1906-yilning boshida u Oʻrta Osiyo va Orenburg – Toshkent temir yoʻllarining 8 ming nafar ishchi-xodimlarini oʻzida birlashtirgan. 1906-yilning 1-iyulida Toshkentda boʻlib oʻtgan Butunrossiya temir yoʻl uyushmasi Turkiston boʻlimining birinchi qurultoyida Oʻrta Osiyo va Orenburg – Toshkent temir yoʻllari ishchi-xodimlarining Ustavi qabul qilingan. Ushbu hujjatning nusxasi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyida saqlanmoqda.
Arxiv hujjatlarida 1905-yil 24-oktyabrda Toshkentda Pochta-telegraf ishchilarining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtgani, unda Pochta-telegraf uyushmasining Turkiston boʻlimini tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilingani, ushbu ishlarni boshqarish uchun qoʻmita aʼzolari saylangani bayon etilgan.
1905-yilning fevralida Oʻrta Osiyo temir yoʻllarining Toshkentdagi bosh ustaxonasida Orenburg – Toshkent temir yoʻlining taxminan 400, Oʻrta Osiyo temir yoʻli Toshkent bosh ustaxonalarining qariyb 800 nafar ishchisi oʻz rahbariyatlari oldiga 19 banddan iborat talablarni qoʻyishgan. Ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini himoyalashga qaratilgan bu talabnoma bugungi kundagi Jamoa shartnomalarining asl mazmunining ifodasi deyish mumkin.
"Samarqand” gazetasining 1905-yil 10-iyundagi 116-sonida chop etilgan "Temir yoʻl xizmatchilari uyushmasi” nomli maqolada temir yoʻl tizimida turli kasb egalari va ishchi-xizmatchilarni qamrab oladigan va birlashtiradigan kasaba uyushmalarini tuzish zarurati tugʻilgani taʼkidlangan.
1905-yilning 13-20-dekabr kunlari Oʻrta Osiyo temir yoʻllari ishchi va xizmatchilarining 1-Qurultoyi oʻtkazilgan. Unda yanvar oyidan eʼtiboran 8 soatlik ish kunini belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Ushbu tarixiy qarorning qabul qilinganligi kasaba uyushmalari harakati faollarining yirik gʻalabasidir.
Shuningdek, "Russkiy Turkestan” gazetasining 1905-yil dekabr oyidagi 264-sonida Toshkentda Idora xizmatchilari va buxgalterlar kasaba uyushmasi tashkil etilayotgani toʻgʻrisida xabar berilgan.
"Turkestan”, "Turkestanskiye vedomosti”, "Turkestanskiy kuryer”, «Noviy put», "Vpered” gazetalarida 1905-1906-yillarda nashr etilgan maqola va xabarnomalarga koʻra, tikuvchi va etikdoʻzlar kasaba uyushmasi, ofitsiant, oshpaz va uy xizmatkorlari kasaba uyushmasi, matbaa xodimlari kasaba uyushmasi, Toshkent mexanika ishlab chiqarish zavodi ishchilari kasaba uyushmasi, quruvchilar kasaba uyushmasi, feldsher, feldsher ayollar va hamshiralar kasaba uyushmasi kabi kasaba tashkilotlarining taʼsis yigʻilishlari oʻtkazilgan.
Bundan tashqari Turkiston kasaba uyushmalari 1906-yildayoq oʻz faoliyatini yanada rivojlantirish, aʼzolarini zarur bilim va koʻnikmalar bilan qurollantirish maqsadida Toshkent shahrida oʻz kutubxonasini ochganligi aniqlandi. Ushbu maʼlumot Turkiston zaminida kasaba uyushmalariga boʻlgan qiziqishning yuqori salmogʻini belgilash bilan birga oʻlka kasaba uyushmalari ilk qadamlarini bilim va maʼrifat asosida tashlaganliklaridan dalolat beradi.
Ushbu xulosalar haqiqatdan ham Turkiston zaminida ilk kasaba uyushmalari 1905-yilda vujudga kelganini tasdiqlaydi.
Bu esa, 2025-yilda mamlakat kasaba uyushmalari tashkil topganiga 120 yil toʻlishini yorqin namoyon etadi.