OʻRGANISHDAN SOʻNG “QOʻZGʻALIB” QOLADIGAN KORXONALAR

Navoiy viloyatida mehnat sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash, xodimlar huquqlarini muhofaza qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shu bilan birga, baʼzi korxona va tashkilotlardagi holatlar shunchaki kamchilik emas, balki tizimli muammo borligini yana bir bor ochiq namoyon qilmoqda.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat inspeksiyasining 2025-yil II-yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasi doirasida Tadbirkorlik, biznes va xizmat koʻrsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasiga aʼzo korxona va tashkilotlarda jamoatchilik nazorati oʻtkazildi. Viloyat Kengashi inspektorlari tomonidan "Issiqlik manbai” MCHJ, "Gidro stanka servis” MCHJ, Navbahor tuman va Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmalari, shuningdek "Polipropilen quvurlar” MCHJda oʻrganishlar amalga oshirildi.
Oʻrganish natijalari, afsuski, barcha tashkilotlarda ham qoniqarli emas. Ayrim korxonalarda eng muhim va belgilangan meʼyor — xodimlarning majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi umuman tashkil etilmagani maʼlum boʻldi. Jamoatchilik nazorati oʻtkazilgan ayrim tashkilotlarda kuzatilgan bu holatlar, aslida, mehnat xavfsizligi va inson sogʻligʻiga bevosita taʼsir qiladigan jiddiy kamchiliklardir.
Qonun buzilishlarini bartaraf etish uchun ish beruvchilarga yozma koʻrsatmalar berildi. Ammo yana bir bor oʻsha eski savol oldimizga chiqmoqda: Nega ayrim korxona va tashkilotlar faqat oʻrganishdan keyin ishlay boshlaydi? Ish jarayoni, xodimlarning xavfsizligi, ularning huquqlari — bu rasmiyatchilik emas, bu korxonaning har kuni bajarishi shart boʻlgan va ish beruvchilarning qonun oldidagi majburiyatlari emasmi? Ammo amaliyotda koʻp hollarda tashkilotlar bu masʼuliyatni oʻrganish vaqtida "eslab qolishadi”.
Bu holat ikki xulosani beradi: korxonalarda ichki nazorat tizimi yoʻq yoki sust. Yo boʻlmasa xodimlar huquqlarini poymol qilish oddiy holga aylangan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, xodimlarning huquqlari faqat oʻrganish paytida emas, har kuni himoya qilinishi shart. Inson qadrini ulugʻlash tamoyilini amaliyotga aylantirish — bu barcha ish beruvchilarning bevosita majburiyatidir.
Darhaqiqat, inson qadri — bu shior emas. Uning hayotdagi ifodasi — munosib va xavfsiz mehnat sharoiti, toʻliq tibbiy koʻriklar, adolatli ish haqi, qonun taqozo etgan barcha kafolatlarning doimiy amal qilishi demakdir. Oʻrganishlar koʻrsatgandek, ayrim tashkilotlar xodimlar manfaatiga nisbatan beeʼtiborligicha qolavermoqda. Shu bois: ish beruvchilar masʼuliyatini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xodimlarni oʻz huquqlarini talab qila oladigan darajada xabardor qilish, tibbiy koʻrik va mehnat xavfsizligi boʻyicha qatʼiy ichki nazoratni joriy etish zarur.
Aks holda, "oʻrganishgacha va oʻrganishdan keyin” degan ikki xil ish rejimi hozirgidek davom etishi mumkin. Aniqlangan holatlar — bu ayrim tashkilotlarning hisobotiga tushgan "belgi” emas, balki butun mehnat madaniyatiga berilgan jiddiy signaldir. Insonning sogʻligʻi, xavfsizligi va huquqlari — "oʻrganishdan keyin” emas, har kuni taʼminlanishi lozim.
Maxbuba Kambarova,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi mehnat-texnik inspektori.


© 2016 Íàâîèé âèëîÿò êàñàáà óþøìàëàðè òàøêèëîòëàðè áèðëàøìàñè
Îðòãà қàéòèø