YO‘LLANMA OLISH TARTIBI

YO‘LLANMA OLISH TARTIBI


O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Kengashi Rayosatining 2013 yil «26» yanvardagi
  9-24- sonli qaroriga 2 - ilova
 
O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida kasaba uyushmasi a’zolik badallari hisobidan sanatoriy va dam olish uylariga imtiyozli yo‘llanmalar olishni rejalashtirish, chiqarish, taqsimlash, sotish, hisobga olish, berish va hisobotlarni tartibga solish to‘g‘risida
 YO’RIQNOMA
 I. UMUMIY QOIDALAR
  Mazkur Yo‘riqnoma O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ustavi asosida, kasaba uyushmasi a’zolarini kasaba uyushma budjeti mablag‘lari, ya’ni a’zolik badallari hamda korxona, tashkilot va muassasalar bilan kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomalari yoki tarmoq kelishuvlariga asosan kasaba uyushmalari tashkilotlariga o‘tkazib berilgan mablag‘lar hisobidan sanatoriy va dam olish uylarida sog‘lomlashtirish, dam oldirishni tashkillashtirish, kasaba uyushmalari tashkilotlari tasarrufidagi ijtimoiy ob’ektlarni saqlab turish hamda kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirish maqsadlari uchun mablag‘lar ajratish tartibini belgilaydi.
 II. YO’RIQNOMANING ASOSIY MAQSADI
Ushbu Yo‘riqnoma kasaba uyushma a’zolari va ularning oila a’zolariga boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarining ixtiyorida qoldirilgan a’zolik badallari hamda jamoa shartnomalari orqali xo‘jalik organlari tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan sanatoriy va dam olish uylariga imtiyozli yo‘llanmalar berish, taqsimlash, sotish hamda hisobotlarni yuritish tartiblarini belgilaydi.
 III. SANATORIYLAR VA DAM OLISh UYLARI YO’LLANMALARINI TAQSIMLASh, ChIQARISh VA SOTIShNI RYeJALAShTIRISh
3.1. Sanatoriylar va dam olish uylari uchun yo‘llanmalarni taqsimlash va sotish rejasi Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga taqdim etilgan qabul jadvallari asosida, davolash yo‘nalishlari, yil mavsumlari, sanatoriylardagi mavjud va foydalanishga topshiriladigan binolarning qabul qilish quvvati hamda kapital ta’mirlash (qayta qurish)ga to‘xtatilish muddatlari rejalarini hisobga olgan holda tuziladi.
Yo‘llanmalar quyidagi tartibda, ya’ni:
- sanatoriyda bir kishining davolanishi uchun;
- dam olish uyida bir kishi yoki uning oilaviy (jamoa) bo‘lib dam olishi uchun chiqariladi.
Sanatoriy yo‘llanmalari bilan davolanish muddati 14 kunni tashkil qiladi.
3.2. Qurilishi tugallanib, kapital ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirilgan sanatoriylarga yo‘llanmalar, ularning faoliyatini boshlashga tayyor bo‘lgan vaqtdan boshlab chiqariladi.
Qo‘shimcha chiqarilgan yo‘llanmalar O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengashlari (bundan buyon matnda "Kengan” deb yuritiladi) talabnomalari asosida Sanator-kurortlar boshqarmasining yo‘llanmalarni chiqarish rejasiga kiritiladi va Federatsiya Kengashining Rayosati tomonidan tasdiqlanadi. O’z navbatida mazkur yo‘llanmalarga Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan "Qo‘shimcha” shtamp qo‘yiladi.
3.3. Kasaba uyushma a’zolarining yo‘llanma olish uchun taqdim etgan arizalari boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan arizalarni ro‘yxatga olish kitobida qayd etiladi.
Tuman, shahar tuzilmasiga ega bo‘lgan tarmoq kasaba uyushmalarining boshlang‘ich tashkilotlari kelgusi yil uchun yo‘llanmalar olishga talabnomalarni, joriy yilning 20 avgustigacha tegishli tarmoqning tuman, shahar kengashi va birlashgan qo‘mitasiga taqdim etadi.
Tarmoq kasaba uyushmasining tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalari hamda ushbu tuzilmalari bo‘lmagan tarmoq kasaba uyushmalarining boshlang‘ich tashkilotlari yo‘llanmalar uchun yig‘ilgan talabnomalarni sanatoriylar, dam olish uylari va choraklar bo‘yicha umumlashtirib, mavsumiy ehtiyojni hisobga olgan holda Kengashlarga joriy yilning 1 sentyabrigacha taqdim etadi.
3.4. Kengashlar yo‘llanmalar bo‘yicha quyi tashkilotlardan yig‘ilgan talabnomalarni tarmoqlar negizida sanatoriylar, dam olish uylari va choraklar bo‘yicha umumlashtirib, mavsumiy ehtiyojni hisobga olgan holda O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga joriy yilning 15 sentyabrigacha taqdim etadi.
3.5.Sanator-kurortlar boshqarmasi kelgusi yil uchun yo‘llanmalar chiqarish rejasini O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga joriy yilning 1 sentyabriga qadar taqdim etadi.
3.6.O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining moliya bo‘limi Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan yo‘llanmalarni chiqarish rejasiga muvofiq, Kengashlar tomonidan taqdim etilgan talabnomalar asosida hududlardagi tarmoq kasaba uyushmalari tashkilotlarining daromadlarini hisobga olgan holda, yo‘llanmalarni taqsimlash rejasi loyihasini Sanator-kurortlar boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan joylardagi sanatoriylarning davolanuvchilarni qabul qilish quvvatidan unumli foydalangan tarzda tuzadi va uni Federatsiya Kengashi Rayosatiga tasdiqlash uchun kiritadi.
O’z navbatida Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlangan yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini joriy yilning 5 oktyabriga qadar Kengashlarga yuboradi.
3.7. Kengashlarga Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlangan yo‘llanmalarni tasdiqlash rejasiga muvofiq, tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan talabnomalarni hisobga olgan holda, hududdagi tarmoqlar bo‘yicha yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini tuzadi va kengashning rayosat qarori bilan tasdiqlaydi.
O’z navbatida Kengashlar rayosati tomonidan tasdiqlangan tarmoqlar bo‘yicha yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini joriy yilning 25 oktyabriga qadar tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlariga yetkazilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, tasdiqlangan yo‘llanmalarning taqsimot rejasini bajarilishi bo‘yicha mas’uliyat shaxsan Kengashlar raislari zimmasiga yuklatiladi.
3.8. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan a’zolik badallari yalpi tushumining 10 foizini hisobga olgan holda taqdim etilgan talabnomalarga muvofiq, Kengashlar Sanator-kurortlar boshqarmasi tasarrufida bo‘lmagan sanatoriy va dam olish uylari yo‘llanmalarini quyidagi hollarda, ya’ni:
boshqa korxona va tashkilotlarning sanatoriy va dam olish uylari yo‘llanmalarining bahosi, Sanator-kurortlar boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan sanatoriylarning o‘rtacha bahosidan yuqori bo‘lmaganda;
Sanator-kurortlar boshqarmasi tasarrufidagi sanatoriylar yo‘llanmalarini taqsimlash rejasi to‘liq bajarilganda;
Sanator-kurortlar boshqarmasidan olingan yo‘llanmalar bo‘yicha qarzdorliklar bo‘lmaganda;
O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlangan yo‘llanmalarni taqsimlash rejasining 20 foizigacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha ravishda sanatoriy va dam olish uylari bilan shartnomalar tuzish orqali sotib olishlari mumkin.
3.9. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari Kengashlar rayosati tomonidan tasdiqlangan tarmoqlar bo‘yicha yo‘llanmalarni taqsimlash rejasiga muvofiq, boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan talabnomalar hamda ularning daromadini hisobga olgan holda, boshlang‘ich tashkilotlar bo‘yicha yo‘llanmalarni taqsimlash rejasini tuzadi va tegishli tashkilotlarning rayosat, umumiy yig‘ilish qarori bilan tasdiqlaydi.
3.10. Sanator-kurortlar boshqarmasi Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlangan reja asosida kelgusi yil yo‘llanmalarini sotish uchun Kengashlar bilan har yili 1 dekabrga qadar shartnomalar tuzadi.
3.11.Sanator-kurortlar boshqarmasi yo‘llanmalarni kasaba uyushmalari tashkilotlariga O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlangan yo‘llanmalarni taqsimlash rejasiga muvofiq, Federatsiya Kengashi bilan kelishilgan narxlarda sotadi.
Shuningdek, Sanator-kurortlar boshqarmasi yo‘llanmalarni kasaba uyushmalari tashkilotlariga ustama narxlarsiz sotilishini ta’minlaydi.
3.12.Sanator-kurortlar boshqarmasi O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishgan holda, kuzgi-qishki davrlar uchun yo‘llanmalarning narxlarini qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega.
3.13.Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan kelgusi yil uchun yo‘llanmalarni Kengashlarga sotish muddatlari quyidagi tartibda belgilanadi:
I chorak uchun - 1 dekabrgacha;
II chorak uchun - 1 martgacha;
III chorak uchun - 1 iyungacha;
IV chorak uchun - 1 sentyabrgacha.
Sanator-kurortlar boshqarmasi va sanatoriylar kasaba uyushmalari tashkilotlariga a’zolik badallari hisobidan sotilgan yo‘llanmalarni berishdan oldin yo‘llanmalarga "Kasaba uyushma budjeti mablag‘lari hisobidan qoplangan, qayta sotish yoki boshqa tashkilotlarga berishga ruxsat etilmaydi” degan shtamp bosadi.
3.14. Muhim sabablar (qurilish, rekonstruksiya, ta’mirlash, tabiat hodisalari va boshqalar)ga ko‘ra yo‘llanmalarni taqsimlash rejasi bo‘yicha sotish, sotib olish imkoniyati bo‘lmagan hollarda, tegishli tashkilotlarning xatlari asosida Federatsiya Kengashining moliya bo‘limi Sanator-kurortlar boshqarmasi bilan birgalikda yo‘llanmalarni sotish rejasiga o‘zgartirish va Federatsiya Kengashi Rayosatiga tasdiqlash uchun kiritishi mumkin.
3.15. Kengashlar tomonidan shartnomalar asosida sotib olingan yo‘llanmalar tasdiqlangan rejalar asosida tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalari orqali boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga, shuningdek tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalari bo‘lmagan tarmoqlarda yo‘llanmalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga, yo‘llanmalarning amal qilish muddatidan kamida 
30 kun avval beriladi.
3.16. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan yo‘llanmalar kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lganiga hamda korxona, tashkilot va muassasalarda ishlayotganiga kamida 3 yil bo‘lgan ishchi va xizmatchilarga beriladi.
Ishchi va xizmatchilar kasaba uyushma yoki ijtimoiy sug‘urta budjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanmalar olishidan qat’iy nazar, unga ikki yilda bir marotaba yo‘llanma beriladi.
Sanatoriylar va dam olish uylarida davolanish hamda dam olish uchun sotib olingan yo‘llanmalar, yo‘llanmalar narxining qisman foizi to‘langanidan keyin beriladi.
Yo‘llanmalar qiymatining kasaba uyushma a’zolari tomonidan to‘lanadigan miqdori O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining qarori bilan tasdiqlanadi.
Shuningdek, sanatoriylar va dam olish uylarida davolanish yoki dam olish uchun a’zolik badallari hisobidan sotib olingan yo‘llanmalar o‘rnatilgan tartibda ishchi va xizmatchilarning oila a’zolari (ota-ona, turmush o‘rtog‘i va farzandlari)ga qisman to‘lov asosida hamda 100 foiz to‘lovi bilan ham berilishi mumkin.
O’z navbatida, kasaba uyushmalari tashkilotlarida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan, kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlanishiga hissasini qo‘shgan va kasaba uyushma tashkilotlaridan pensiyaga chiqqan pensionerlarga ham sanatoriy yoki dam olish uylari yo‘llanmalari imtiyozli ravishda yo‘llanmalar narxining qisman to‘lovi asosida berilishi mumkin.
3.17. Kasaba uyushmasi a’zolarini imkoniyat darajasida ko‘proq sog‘lomlashtirish maqsadida, a’zolik badallari hisobidan qimmatbaho, shuningdek, lyuks-palatalarga yo‘llanmalar sotib olish ta’qiqlanadi.
MDH va chet el mamlakatlarining sanatoriylari, O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tibbiy-sanitar birlashmasi (Kislovodsk va Yalta shaharlarida joylashgan "O’zbekiston” dam olish-sog‘lomlashtirish sanatoriylari bundan mustasno) sanatoriylari yo‘llanmalarini a’zolik badallari hisobidan sotib olish ta’qiqlanadi.
3.18. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari kasaba uyushma a’zolariga yo‘llanmalarni, ularning amal qilish muddatidan kamida 20 kun avval a’zolarning yo‘llanma olish uchun taqdim etgan arizalarni ro‘yxatga olish kitobida belgilangan navbat bo‘yicha a’zolar tomonidan yo‘llanmalarning qisman yoki to‘liq qiymati to‘langanligi to‘g‘risidagi va boshqa talab qilinadigan tegishli hujjatlar to‘liq taqdim etilganidan keyin beradi.
Yo‘llanma olgan shaxslar tomonidan, yo‘llanmalarning qisman yoki to‘liq qiymati, ular olingan kundan kechikmasdan yo‘llanma bergan tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlarining kassasiga, hisob raqamiga naqd pul va plastik kartochka orqali yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lanadi.
O’z navbatida, kasaba uyushma a’zolariga berilgan yo‘llanmalarning qisman to‘lovi yoki 100 foizi to‘liq to‘lanishi hamda yo‘llanmalardan to‘g‘ri, maqsadli foydalanilishiga Kengashlar , tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlarining rahbarlari va mas’ul xodimlari javobgardir.
3.19. Miokard infarktining o‘tkir xurujidan keyin bemorlar sanatoriyda davolanishni davom ettirishlari uchun, ularga a’zolik badallari hisobidan sotib olingan yo‘llanmalar sog‘liqni saqlash organlarining tavsiyalari asosida umumiy tartibda beriladi.
3.20. Kasaba uyushma a’zolariga berilgan yo‘llanmalarda davolanuvchi yoki dam oluvchining familiyasi, ismi va sharifi (pasport ma’lumotlari bo‘yicha), ish joyi, lavozimi va yo‘llanmani bergan kasaba uyushma tashkilotining nomi ko‘rsatilgan bo‘lishi hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisining imzosi va kasaba uyushma qo‘mitasining muhri bilan tasdiqlanishi lozim.
Yo‘llanmaga kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan muhr aniq o‘qiladigan darajada bo‘lishi kerak.
Yo‘llanmalarni davolanuvchilar va dam oluvchilarga to‘ldirilmagan holatda berish ta’qiqlanadi. Shuningdek, bosilgan muhr ko‘rinmaydigan yo‘llanmalar bilan sanatoriy va dam olish uylariga davolanuvchi yoki dam oluvchilarni qabul qilish va barcha ma’lumotlari to‘ldirilgan yo‘llanmalarga tuzatishlar kiritib, boshqa shaxslarni qabul qilish qat’iyan ta’qiqlanadi.
Agar shunday holatlarda sanatoriy va dam olish uylariga davolanuvchi yoki dam oluvchilar qabul qilinsa, ushbu yo‘llanmalar uchun sanatoriy va dam olish uylari rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladi.
Yo‘llanmalarning noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligi to‘g‘risidagi holatlar aniqlanganda, ushbu yo‘llanmalarning nusxasini sanatoriy va dam olish uylari rahbarlari Sanator-kurortlar boshqarmasiga, o‘z navbatida Sanator-kurortlar boshqarmasi ularni O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining yo‘llanmalardan maqsadli foydalanishni o‘rganuvchi komissiyaga taqdim etishi zarur.
3.21. Sanatoriylarga yo‘llanmalar davolanishga muhtoj bo‘lgan kasaba uyushmasi a’zolariga tibbiy ma’lumotnoma asosida beriladi.
Shuningdek davolanuvchi sanatoriyga sanator-kurort karta (0.7.2/U-shakl)ni taqdim etishi lozim, agar davolanuvchining kasalligi sanatoriyning davolash yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelmasa, sanatoriy mutaxassislari tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida davolanuvchilar sanatoriyga qabul qilinmaydi.
Mazkur holatlarda yo‘llanmalardan to‘liq foydalanish maqsadida sanatoriylarning dalolatnomasi asosida Sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan yo‘llanmalarning muddatini o‘zgartirib berilishi mumkin.
3.22. Kasaba uyushmasi a’zolari tomonidan yo‘llanmalardan uzrli sabablarga ko‘ra foydalanilmagan holatlarda, yo‘llanmalarning amal qilish muddatidan kamida 10 kun oldin tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari, boshlang‘ich tashkilotlariga qaytarilishi lozim.
3.23. Kasaba uyushmasi a’zolari tomonidan tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari, boshlang‘ich tashkilotlariga foydalanilmagan holda qaytarilgan yo‘llanmalar, ular tomonidan yo‘llanmalarning amal qilish muddatidan kamida 7 kun oldin Kengashlarga yuk xati rasmiylashtirilgan holda qaytariladi.
Yo‘llanmalarni qaytarish vaqtida rasmiylashtirilgan yuk xatiga, a’zolar tomonidan ularni qaytarish sabablari ko‘rsatilgan tushuntirish xati ilova qilinadi.
3.24. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari, boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan Kengashlarga qaytarilgan yo‘llanmalar, ular tomonidan yo‘llanmalarning amal qilish muddatidan kamida 5 kun oldin Sanator-kurortlar boshqarmasiga qaytariladi.
3.25. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari, boshlang‘ich tashkilotlari a’zolik badallari hisobidan sotib olingan yo‘llanmalardan ayrim xodimlarni, ya’ni:
- yo‘llanma olgan va ulardan uzrli sabablarsiz o‘z vaqtida foydalanmagan;
- olingan yo‘lanmalarni uzoq qarindosh-urug‘lari yoki boshqa begona shaxslarga berganligi to‘g‘risida holatlar aniqlanganda, xodimlarning imtiyozli yo‘llanmalardan foydalanish huquqini tegishli hujjatlar bilan ma’lum muddatga cheklab qo‘yadi hamda yo‘llanmalarning to‘liq qiymatini aybdor shaxslardan undiradi.
3.26. Kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan yo‘llanmalar boshqa korxona, tashkilot va muassasalarda ishlaydigan shaxslarga qisman to‘lov foiziga, shuningdek to‘liq narxida berilishiga ruxsat etilmaydi.
IV. YO’LLANMALARNI HISOBGA OLISh VA ULARNING HARAKATI BO’YIChA TUZILADIGAN HISOBOTLARNI YuRITISh
4.1.Viloyat Kengashidan olingan yo‘llanmalar tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan olingan yo‘llanmalarni hisobga olish kitobidan boshqa "Yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi”da yuritiladi.
Yo‘llanmalar yuk xatiga asosan ushbu kitobga kirim qilinadi va har bir yo‘llanma kitobda alohida satrda ko‘rsatiladi. Yo‘llanmalarni davolanuvchi yoki dam oluvchilarga berish vaqtida kitobga yo‘llanma berilgan sana, kimga berilganligi, to‘lov hujjatlarining raqami, sanasi va to‘lov summasi hamda yo‘llanmani olgan shaxsning imzosi qayd etiladi.
O’z navbatida, yo‘llanmalarni berishda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- Ariza (shaxsan yo‘llanma oluvchining nomidan);
- yo‘llanma so‘ragan shaxsning pasport nusxasi;
- tibbiy ma’lumotnoma;
- mehnat ta’tili to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
- boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasining qarori;
- tuman, shahar yoki birlashgan kasaba uyushma tashkilotlarining qarori;
- yo‘llanma narxining qisman yoki to‘liq to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat (kvitansiya yoki to‘lov topshiriqnomasi).
Shuningdek, davolanuvchi va dam oluvchi sanatoriy yoki dam olish uyidan kelganidan keyin, tegishli kasaba uyushma qo‘mitasiga yo‘llanmaning qaytariladigan talon qismini topshirishi va ushbu talonni kasaba uyushma qo‘mitasining mas’ul xodimlari "Yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi”da qayd etib qo‘yishi shart.
4.2. Hisobot yili davomida olingan har bir yo‘llanma bo‘yicha yuqorida qayd etilgan hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilganidan so‘ng, barcha hujjatlar yo‘llanmalarni hisobga olish kitobi bilan birga, boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalariga topshiriladi va ularda saqlanadi.
Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalariga ega bo‘lmagan tarmoqlarda yuqoridagi hujjatlar boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida saqlanadi.
4.3. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari olingan yo‘llanmalar to‘g‘risidagi hisobotni yilning har choragi yakunlari bo‘yicha Kengashlarga hisobot davridan keyingi oyning 8-sanasi (8 aprel, 8 iyul, 8 oktabr va 
8 yanvar)dan kechiktirmay topshirishlari zarur.
Hisobot yo‘llanmalarni hisobga olish kitobidagi yozuvlar asosida tuziladi hamda hisobotga ma’lumot qo‘shib topshiriladi.
4.4. Tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan foydalanilgan yo‘llanmalarni hisobdan chiqarish mazkur Yo‘riqnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar asosida tegishli buxgalteriya provodkalarini berish orqali amalga oshiriladi.
4.5. Kasaba uyushmasi a’zolik badallari hisobidan olingan yo‘llanmalarning hisob-kitobini alohida to‘g‘ri va aniq yuritilishi, hisobotlar tuzilishini soddalashtirish maqsadida, umumiy tartibda buxgalteriya hisobining memorial-order yoki ijtimoiy sug‘urta budjeti mablag‘lari hisobidan berilgan yo‘llanmalarning harakatini hisobga oluvchi jurnal-order shakllaridan foydalanilishi mumkin.
4.6. Kengashlar tomonidan a’zolik badallari hisobidan olingan yo‘llanmalar, shuningdek foydalanilmay qaytarilgan yo‘llanmalarni kirim qilish ham 4-sonli jurnal-orderda hisobga olinadi.
Olingan yo‘llanmalarning yuk xati hisobvaraq-fakturalari 4-sonli jurnal-order bilan birgalikda saqlanadi.
4.7. Kengashlar tomonidan olingan yo‘llanmalarning, shuningdek ular tomonidan yo‘llanma olingan tegishli tashkilotlarga qaytarilgan chiqimi ham 
5-sonli jurnal-orderda hisobga olinadi.
Mazkur jurnal-order bilan yo‘llanmalarni chiqim qilish uchun rasmiylashtirilgan yuk xati hisobvaraq-fakturalar birgalikda saqlanadi.
4.8. Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan a’zolik badallari hisobidan olingan yo‘llanmalarning harakati, kirimi, chiqimi va hisobdan chiqarilishi uchun buxgalteriya hisobining memorial-order yoki ijtimoiy sug‘urta budjeti mablag‘lari hisobidan olingan yo‘llanmalarning harakatini hisobga oluvchi jurnal-order shakllaridan foydalanilishidan qat’iy nazar, buxgalteriya hisobi provodkalari 21-sonli "Buxgalteriya hisobining milliy standarti”ning schyotlar rejasiga muvofiq beriladi.
Shuningdek, rasmiylashtirilgan memorial yoki jurnal-orderlarda barcha rekvizitlar o‘z vaqtida aniq va to‘g‘ri to‘ldirilishi lozim.
V. YO’LLANMALARDAN FOYDALANISh QOIDASINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK VA ULARDAN FOYDALANIShNI NAZORAT QILISh
5.1. Mazkur Yo‘riqnomaga amal qilish tarmoq kasaba uyushmalarining Markaziy kengashlari, sohalar bo‘yicha Respublika birlashgan qo‘mitalari, tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo‘mitalari, boshlang‘ich tashkilotlari, Kengashlar, Sanator-kurortlar boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi sanatoriylar rahbarlari va yo‘llanmalar bilan ishlaydigan mas’ul shaxslari zimmasiga yuklatiladi.
5.2. Sanator-kurortlar boshqarmasi har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 20-sanasidan kechikmagan holda, a’zolik badallari hisobidan olingan yo‘llanmalarning taqsimot rejasini bajarilishi to‘g‘risidagi hisobot hamda har bir sanatoriy bo‘yicha yo‘llanmalarning haqiqiy tannarxi to‘g‘risidagi ma’lumotni Federatsiya Kengashiga taqdim etib boradi.
5.3. Davolanish yoki dam olish uchun yo‘llanma olgan shaxslar yo‘llanmadan uzrsiz sababga ko‘ra foydalanmasa yoki yo‘llanmalarni boshqa shaxslarga qayta sotsa, ushbu yo‘llanmalarning to‘liq qiymati avval to‘langan qisman foizini hisobga olgan holda, yo‘llanmadan foydalanmagan yoki qayta sotgan shaxslardan to‘liq undiriladi.
Shuningdek, yo‘llanmalardan kasaba uyushmalari tashkilotlarining aybi bilan foydalanilmay (o‘z vaqtida berilmay) qolish yoki ularni begona shaxslarga berish holatlari aniqlansa, yo‘llanmaning to‘liq qiymatini aybdor shaxslardan undirish masalasi amaldagi qonunchilikka asosan tegishli yoki yuqori kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
5.4. Zaruriy hollarda, Federatsiya Kengashining kasaba uyushmalari tashkilotlarida yo‘llanmalardan maqsadli foydalanilishini o‘rganish Komissiyasi, kasaba uyushmalari tashkilotlari va sanatoriylarda yo‘llanmalardan to‘g‘ri foydalanish holatlarini o‘rganadi.
Shuningdek, Federatsiya Kengashi moliya bo‘limi va Federatsiyaning Nazorat-taftish komissiyasi tomonidan kasaba uyushmalari tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida yo‘llanmalardan noto‘g‘ri foydalanganlik holatlari aniqlanganda, mazkur yo‘llanmalar uchun javobgar shaxslardan undirilgan mablag‘lar tegishli kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining kasaba uyushma budjeti hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
5.5. Sanator-kurortlar boshqarmasi kasaba uyushmasi a’zolik badallari hisobidan sotilgan yo‘llanmalardan to‘liq foydalanganlik to‘g‘risida sanatoriylardan ma’lumot yig‘adi va uni yo‘llanmalarning raqamlarini ko‘rsatilgan holda Kengashlar bo‘yicha umumlashtirib Federatsiya Kengashiga taqdim etadi.
Agar davolanuvchilar turli sabablarga ko‘ra, yo‘llanmaning muddati bo‘yicha to‘liq davolanmaganlik holatlari aniqlansa, ushbu yo‘llanmalardan foydalanmagan qismining davolanish va ovqatlanish qiymatlari Sanator-kurortlar boshqarmasi orqali sanatoriylardan yig‘ilib, Federatsiya Kengashining kasaba uyushma budjeti hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Ushbu mablag‘lar hisobidan Federatsiya Kengashi Rayosatining qaroriga asosan, kasaba uyushmasi a’zolarini sog‘lomlashtirish va dam oldirish uchun qo‘shimcha yo‘llanmalar olinib, moliyaviy imkoniyati og‘ir bo‘lgan kasaba uyushmalari tashkilotlariga Kengashlar orqali, tarmoq kasaba uyushmalarining joylardagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga beriladi.
5.6.Sanatoriylarning mas’ul shaxslari davolanishga yo‘llanma bilan kelganlarga yo‘llanmaning qaytariladigan talon qismini berishlari va unda davolanuvchining familiyasi, ismi, sharifi va sanatoriyda bo‘lgan vaqtini to‘liq ko‘rsatishi hamda unga sanatoriy shtampini bosishi shart. Shuningdek, yo‘llanmaning qaytariladigan talon qismida sanatoriy ro‘yxatxonasi xodimining familiyasi va imzosi bo‘lishi zarur.
5.7.Yo‘llanmaning qaytariladigan talon qismi undan foydalanganlikni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi, u yo‘qolgan hollarda davolanuvchi, dam oluvchi sanatoriy yoki dam olish uyida bo‘lgan vaqti ko‘rsatilgan hamda sanatoriy yoki dam olish uyi direktori tomonidan imzolab, muhr bilan tasdiqlangan ma’lumotnoma yo‘llanmadan foydalanganlikni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
5.8.Yo‘llanmalardan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan nazorat tarmoq kasaba uyushmalarining Markaziy kengashlari, sohalar bo‘yicha Respublika birlashgan qo‘mitalari, tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalari, ularning taftish komissiyalari hamda Kengashlar tomonidan amalga oshiriladi, yo‘llanmalardan noto‘g‘ri foydalanganlik holatlari aniqlanganda mansabdor shaxslarga nisbatan choralar ko‘rish ularning rayosat yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.
VI. YAKUNIY QOIDA
Mazkur Yo‘riqnoma tarmoq kasaba uyushmalari Markaziy, hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari Sanator-kurortlar boshqarmasi bilan kelishilgan.
 

ORQAGA QAYTISH


© 2016 Íàâîèé âèëîÿò êàñàáà óþøìàëàðè òàøêèëîòëàðè áèðëàøìàñè