AMALIY SEMINAR » O‘zKUF Navoiy viloyat Kengashi
AMALIY SEMINAR

AMALIY SEMINAR

"UzeraeAlternator” MChJda mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi seminar tashkil etildi. "Xavfsiz mehnat asoslari” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mas’ul xodimlari, Metallurgiya va mashinasozlik tashkilotlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Navoiy viloyatidagi mas’ul tashkilotchisi Alisher Baxronov, korxona rahbariyati, muhandis-texnik xodimlar, mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislar hamda ishchi-xodimlar ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi ish  joylarida xavfsiz mehnat muhitini shakllantirish, ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish va xodimlarning mehnat muhofazasi sohasidagi bilim hamda ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 dekabrlagi 819-sonli qarori bilan tasdiqlangan to‘rttala Nizomning mazmun-mohiyati, mehnat qonunchiligi talablari, ishlab chiqarishda xavfsizlik texnikasi qoidalari, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha muhim ma’lumotlar yetkazildi. Shuningdek, amaliy misollar asosida xavfsiz mehnat madaniyatini shakllantirish va har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda so‘zga chiqqan mutaxassislar mehnat muhofazasi talablariga qat’iy rioya qilish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xodimlar salomatligini muhofaza qilish va korxonada xavfsiz ish muhitini ta’minlashning muhim omili ekanligini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda xavfsiz mehnatni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar.
"UzeraeAlternator” MChJda mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi sohasida tizimli ishlar izchil davom ettirilib, xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan bunday o‘quv-seminarlari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu esa korxonada xavfsiz mehnat madaniyatini yanada yuksaltirish va ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

BOSHQA YANGILIKLAR