Bugungi kunda Navoiy viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan 2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash» yili davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘pgina tadbirlar belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Navbatdagi tadbir millionlar o‘yini - futbolga bag‘ishlandi.
Joriy yilning 7 aprel kuni Navoiy viloyat futbol akademiyasi tasarrufida bo‘lgan "Kimyogar” o‘yingohining sport maydonida kasaba uyushmalari tizimidagi korxona, tashkilot hamda muassasalarda faoliyat yuritayotgan, 30 yoshgacha bo‘lgan ishchi xodimlar o‘rtasida "Kasaba uyushmasi kubogi” uchun sportning mini-futbol turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Tadbirni viloyat futbol akademiyasi bosh murabbiysi Amonov Nasriddin Shamsiyevich ochib berdi. Bosh murabbiy o‘z nutqida mamlakatimizda yoshlar sportiga, ularning jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlagan holda ishtirokchilarni bugungi bayram bilan qutladi.
Guruh sardorlari tomonidan qur’a tanlash orqali raqib komandalar belgilab olindi.
Mazkur musobaqada iste’dodli sportchi bolalarni ko‘rdik. Chiroyli o‘yinlarning guvohi bo‘ldik. Futbol - bu jamoa o‘yini hisoblanadi. Unda yoshlar bir jamoa sifatida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, muvaffaqiyatlarga erishish mumkinligiga amin bo‘lishdi.
Mini futbol bo‘yicha o‘tkazilgan o‘yinlarlarda 1-o‘rin «Qizilqumtsement» AJ jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. 2-o‘rin «O‘zbektelekom» AK Navoiy filiali jamoasiga, 3-o‘rin esa «Navoiy IES» AJ jamoasiga nasib etdi.
G‘oliblarga esdalik sovg‘alari viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisining o‘rinbosari N.Isoqov tomonidan topshirildi.
Tadbir yakunida sport musobaqasi ishtirokchilari, ularga muxlislik qilgan jamoadoshlari bilan birgalikda esdalik uchun suratlarga tushildi. Tadbirda faol ishtirok etgan jamoalarga viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisining tabrik so‘zlari bitilgan nominatsiyalar topshirildi.