Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ta’lim - tarbiya tizimining sifati va samaradorligini, jamiyatda ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilm-fanni rivojlantirish, aniq va tabiiy fanlar hamda Axborot texnologiyalari o‘qitilishini, xorijiy tillarni o‘rgatishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga oid bir qator qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ijroya Qo‘mitasi mazkur qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, o‘qituvchilarni kasbiy salohiyatini oshirishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan 2021-yil aprel-sentyabr oylarida ta’lim muassasalarining matematika, fizika, kimyo, biologiya, ingliz tili, informatika va axborot texnologiyalari fanlari o‘qituvchilari o‘rtasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mukofoti Laureati Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi belgilangan.
Tanlovning asosiy maqsad va vazifalari etib matematika, fizika, kimyo, biologiya, ingliz tili, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha uzoq yillik samarali faoliyati natijasida iqtidorli va iste’dodli yoshlarni tarbiyalayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, o‘qituvchilarning jamiyatda obro‘ - e’tiborini oshirish, ish samaradorligi va turmush tarzini yanada yaxshilash, shuningdek, o‘qituvchilarni kasaba uyushmalari faoliyatidagi o‘rni va rolini, mehnat qonunchiligi va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifoda etishda bilim va ko‘nikmalarini oshirish belgilandi.
Tanlov shartlariga ko‘ra dars berayotgan fani bo‘yicha oliy ma’lumotga ega, kamida 5 yil pedagogik faoliyat yuritgan, dars berayotgan fani bo‘yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar ixtiyoriylik asosida ko‘rik-tanlovda ishtirok etishi mumkinligi belgilandi.
Ko‘rik - tanlov uch bosqichda bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqichda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan o‘qituvchilarning faoliyati davomida erishgan yutuqlari ro‘yxatdan o‘tish vaqtida taqdim etgan hujjatlari asosida baholandi.
Ikkinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida tashkil etilib, birinchi bosqichda har bir fan yo‘nalishida yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar mutaxassislik fanidan test sinovidan o‘tadilar. Navoiyda ko‘rik-tanlovning ikkinchi bosqichi, ya’ni test sinovida ishtirok etayotgan fani bo‘yicha uch xil qiyinlik darajasidagi 30 ta test topshiriqlari (I-qism (1-10 gacha) 1,1 bal; II-qism (11-20 gacha) 2,1 bal; III-qism (21-30 gacha) 3,1 bal) berildi. Natijalar test o‘tkazilgan kunning o‘zida e’lon qilindi.
Test natijalariga ko‘ra fizika fani bo‘yicha birinchi o‘rinni Navoiy shahar 11-sonli AFChO‘IM o‘qituvchisi Xakimov Feruz Yuldoshevich, biologiya fani bo‘yicha 16-sonli AFChO‘IM o‘qituvchisi Samadova Maksuda Bo‘riyevna, informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha Karmana tumani 19-sonli maktab o‘qituvchisi Maxmudova Nilufar Axmadovna, ximiya fani bo‘yicha Navbahor tumani 12-maktab o‘qituvchisi Ro‘ziyev Murod Xushvaxovich, matematika fani bo‘yicha Xatirchi tumani 88-sonli AFChO‘IM o‘qituvchisi Tog‘ayev Alisher Sheraliyevich, ingliz tili bo‘yicha Zarafshon shahar 3-sonli maktab o‘qituvchisi Isamova Oygul Baxtiyorovnalar birinchi o‘rinni egallab Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan sovg‘alar hamda viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining diplomlari bilan taqdirlandi.
Har bir hududdan fanlar kesimida eng yuqori natijani qayd etgan bir nafardan o‘qituvchilar tanlovning uchinchi (respublika) bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.
Ko‘rik-tanlovning uchinchi bosqichida nomzodlarning kasaba uyushmasi faoliyati va mehnat huquqi yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi, nomzodlarning pedagogik mahorati ular tomonidan o‘tib beriladigan darslari orqali baholash mezoniga muvofiq baholanadi.
F.Mardiyeva O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Navoy shahar bo‘linmasi Kengashi raisi
