MOʻTABAR AYOL » O‘zKUF Navoiy viloyat Kengashi
MOʻTABAR AYOL

MOʻTABAR AYOL

Ayollarsiz ham hayot bor, aslida dunyoni erkaklar ushlab turibdi, deyishga ustamiz. Bir kun ular yoʻq boʻlsinchi, qay koʻyga tushishimizni oʻzimiz bilamiz, xolos. Yashiramiz, har doim ham men sizni yaxshi koʻraman deyishga botina olmaymiz, ich-ichimizdan nimadir yoʻl qoʻymaydi. Ishdan charchab qaytganimizda bir piyola choy tutib, issiq ovqatimizni oldimizga qoʻyadigan ham, dardga chalinsak parvona ham ular. Oq sutning haqqi-yu, shirin farzandlar uchun uning oldagi qarzimizni aytmasa ham boʻladi.
Moʻtabar ona, sadoqatli umr yoʻldosh, mehribon opa-singillarimiz uchun bir kunlik bayram juda oz. Ularni har kun ardoqlasak, dunyo quvonchlarini ulashsak arziydi.
Umuman olganda, mamlakatimizda ayollarga, xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtiborni yuksak darajada baholash mumkin. Oʻqituvchi, shifokor, sanʼatkor, fermer, hisobchi, jurnalist, tadbirkor, sportchi boʻlishidan qatʼi nazar har bir ayolning jamiyatga oʻz oʻrnini topishiga, orzu va istaklarini roʻyobga chiqarish, farzandlarini komil inson qilib tarbiyalashiga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
"Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturining "Kam taʼminlangan, koʻp bolali hamda olis va chekka hududlarda, murakkab iqlim sharoitida yashovchi oilalarning ehtiyojmand ayollarini bepul sogʻlomlashtirish” bandiga asosan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tomonidan "8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan Qiziltepa tuman Obodonlashtirish boshqarmasi koʻkalamzorlashtiruvchisi Hamroyeva Malohat Qoʻshayevna, Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi supuruvchisi Suvonova Nasiba Togʻayevna hamda Navoiy arxitektura va qurilish texnikumi uslubchisi Ostonova Dilafroʻz Muxamadovnalarga Toshkent viloyatida joylashgan "Umid gulshani” sanatoriysiga bepul yoʻllanmalar ajratilganligi ham mamlakatimizda ayollarga boʻlgan ehtiromning namunasi desak adashmagan boʻlamiz.


Zayniddin Mislimov
Ijtimoiy sugʻurta boʻlimi mudiri

BOSHQA YANGILIKLAR