Ayol yaxshilik va mehr-muhabbatga shunchalar tashnaki, unga bor-yo‘g‘i bir martagina samimiy e’tibor bersangiz, ozgina e’zozlab, saalgina qo‘llab yuborsangiz u dunyoning oshig‘iga, oilasining benazir quliga, yaxshilarning mehridaryo dastyoriga aylanadi. Uning muqaddasligi ham aslida shunda. Bir gap bilan aytadigan bo‘lsak ayol, ayniqsa, o‘zbek ayoli sadoqat, ehtirom va e’zoz ramzidir. Ming afsuslar bo‘lsinki, uzoq vaqt davomida biz buni unutib qo‘ydik. Xo‘rlanayotganligini ko‘rib ko‘rmaslikka, ezilayotganligini bilib bilmaslikka oldik. Oxir-oqibat onalarimizning, opa-singillarimizning yuragidagi qur, ko‘zlaridagi cho‘g‘ so‘na boshladi.
Xayriyat, xatolarimizni kech bo‘lsa-da anglab yetdik. Muhtaram Prezidentimizning xayrli tashabbuslari bilan ayollarimizga, ularning buguni va kelajagiga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Bugun ayol qaddini rostlayapti, o‘zligini topayapti, jamiyatga, oilasiga, hamma-hammaga kerak ekanligini his qila boshladi. Ayniqsa, "Ayollar daftari”ning tashkil etilishi va yuritilishi ming-minglab e’tibordan chetda qolgan xotin-qizlarning dardiga malham bo‘ldi. Bu borada birgina Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarga, oldindan rejalashtirilgan vazifalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u huu, qanchadan-qancha opa-singillarning, oilalarning quvonchi, bo‘y ko‘rsatayotgan orzu havaslari ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Navoiy viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutasaddilarining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida ishsiz yurgan 2757 nafar xotin-qizlar kasbi koridan, imkoniyatidan kelib chiqqan holda ish bilan ta’minlandi. Demak, "Ayollar daftari” sabab shuncha oilaga xursandchilik, hayotdan rozi-rizolik kirib keldi. 704 nafar orzumand opa-singillarimiz tadbirkorlikka yo‘naltirildi. Kelajakda ularning har biri kami bilan to‘rt-beshtadan ish o‘rni yaratsa, yana to‘rt yuz nafarga yaqin zamondoshimiz ishli, toparman-tutarmon bo‘ladi. 4307 nafar nogiron, ehtiyojmand xotin-qizlarga 5 milliard 168 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 151 nafar noturarjoylarda majburan yashab kelayotgan ayollarga amaliy yordam ko‘rsatilib, 75 million 500 ming so‘m miqdorida kompensatsiya mablag‘i ajratildi. Bunday e’zoz va e’tiborga tushgan ayollarning hammasi bugun jamiyatga kerakli ekanligini chin dildan his qilib yashamoqdalar.
Vatani bor kishi xor bo‘lmaydi deganlaridek, ona yurtning beminnat qo‘llab-quvvatlashi nitijasida sog‘ligini yo‘qotgan 40 nafardan ortiq navoiylik xotin-qizlar o‘tgan olti oy davomida birlamchi nogironlik guruhiga chiqarildi. Endi ular shu yurtning qaramog‘idadir. Ambulator tartibda 8 ming 278 nafar, statsionar tartibda 857 nafar xotin-qizlar davolandi. 5 mingdan ortiq zamondoshimizga sog‘liklarini tiklashlari uchun bepul dori-darmonlar berildi. Menimcha, bu raqamlar O‘zbekistonda ayollarimizning qadr va e’zoz topayotganligining yaqqol misolidir.
Ayollarni e’zozlash, qadrlash haqida gap ketar ekan, shuni alohida ta’kidash lozimki, xalqimizda bu borada azaliy qadriyatlar ko‘p bo‘lgan. Biroq, uzoq yillar davomida hukmronlik qilgan noshud siyosat, noodatiy qarashlar ko‘pchilikni chalg‘itdi, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirdi. Ayolni jonsiz buyumga, keraksiz matohga aylantirib qo‘ydi. Natijada nafaqat ayolning o‘zi balki, butun jamiyat aziyat chekdi. Buning asoratlaridan hozir ham qutula olganimiz yo‘q. Alal-oqibat arzimas bahonalar bilan yosh oilalarning buzilib ketishiga ham yaqin o‘tmishning soxta, yolg‘onning ustiga qurilgan, bijg‘igan siyosati sabab bo‘lmoqda.
Yana bir bor Navoiy viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘tgan olti oy davomida 715 ta oila ajrim qilingan bo‘lsa, ularning 23 foizini bevosita yosh oilalar tashkil qiliyotganligining guvohiga aylanamiz. Bu degani buzilayotgan oilalarning har beshtasidan bittasi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ajrimlarning aksariyati er-xotinning o‘zaro kelishmovchiligi va xarakterlarining bir-biriga to‘g‘ri kelmaganligi tufayli yuz bermoqda. Buning qisman iqtisodiy sabablari ham bor, albatta.
Xotin-qizlar hayotini tubdan o‘zgartirish maqsadida olib borilayotgan samarali ishlar ko‘lamiga qaramasdan ajrimlarning ham ortib borayotganligi kishini taajjubga soladi ba’zan. Mana ikki yildirki, "Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimizga beminnat g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Uysizlarga uy -joy berilmoqda, boquvchisi yoki qarovchisi yo‘qlarning uylari ta’mirlanmoqda. Bemorlar davolanayapti, kimga pul kerak bo‘lsa pul, un kerak bo‘lsa un berilmoqda. Nochorlar o‘rtahol darajagacha tortilmoqda. Haq-huquqi poymol etilganlar hukumat darajasida himoyaga olinmoqda. Shunga qaramasdan oilaviy ajrimlarning uchrab turishi aqli raso har qanday kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Xo‘sh, buning chorasi bormi o‘zi? Bor! Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun birinchi galda oilaviy muhitni sog‘lomlashtirish shart. Qayerdaki ota-ona o‘zaro ahil bo‘lsa, qayerdaki ayol erkak bilan teng huquqli bo‘lsa, o‘sha joydagi oilalar tobora mustahkamlanib boraveradi. Buning uchun bizda yetarlicha asoslar bor. O‘tgan ikki-uch yil davomida aynan shu masalada mamlakatimizda juda katta ishlar amalga oshirildi.
Jamiyatda xotin-qizlar o‘rnini yanada yuksaltirish, oilalarda sog‘lom muhitni yaratish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida Navoiy viloyatida sudlar, adliya, ichki ishlar, oila va xotin-qizlar boshqarmalari o‘rtasida alohida kelishuv mavjud. Bu kelishuvning natijasi o‘laroq 2022 yilning dastlabki olti oyi davomida viloyatdagi 470 oiladagi turli kelishmovchiliklar bartaraf etildi. Buzilish arafasida turgan 44 ta oilaning muammolari o‘z vaqtida hal qilinib, ularda sog‘lom oilaviy muhit yaratilishiga erishildi. Joylardan oilaviy kelishmovchilik yuzasidan kelib tushgan 1200 ta murojaatning 62 foizi ijobiy hal qilindi. Ya’ni buzilayotgan oilalar saqlab qolindi.
Sarishtali ayol - farishtali ayol deydi, xalqimiz. Shuningdek, oila mustahkamligini saqlash, har tomonlama sog‘lom va salohiyatli avlodni tarbiyalash borasida ayollarimiz zimmasidagi mas’uliyat ham tobora zalvorlashib borayotgani sir emas. Shundan kelib chiqqan holda Navoiy viloyatida yil boshidan to shu bugunga qadar joylarda 120 marta ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-huquqiy mavzularda turli tadbirlar tashkil qilinib ularda 10 mingdan ortiq xotin-qizlar ishtirok etishdi. Eng quvonchlisi ijtimoiy-siyosiy faolligi, salohiyati va bilimi oshirilgan 1595 nafar xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi yaratildi. Viloyat hokimligining tashabbusi bilan mavjud 330 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining har bittasida xotin-qizlar turmushini yaxshilashga qaratilgan alohida reja va dasturlar ishlab chiqildi.
Qissadan hissa shuki, yaqin yillar ichida o‘zbek ayoli ham bukilgan qaddini rostlab olishiga, o‘zining azaliy ayollik fazilatlarini dunyo uzra namoyon qilishiga zarracha shubha yo‘q. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Muhimi, jamiyatda shunga ehtiyoj, xalqimizda esa hohish va istak bor. Zero ezgu maqsad bor joyda xolis niyatlar ijobat bo‘lishi shubhasizdir.
Normurod Musomov, "Ishonch” muxbiri.