Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023 yilga "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berildi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi yillarda inson qadri, uning manfaati yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Insonga e’tibor, avvalo uni hayotdan rozi yashashiga erishish demakdir. Shunday ekan, Yurtboshimiz tomonidan amaliyotga joriy etilgan tizim - "Ayollar daftari” orqali ham har yili yuzlab, minglab xotin-qizlarning muammolari ijobiy yechim topmoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy va ma’naviy ko‘maklar ko‘rsatilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi "Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 145-sonli qarori hamda 2022 yilning 19 dekabr kuni "Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika komissiyasining kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi”da berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Xadjiboyev Abduhakim Mo‘minovich boshchiligida "Ayollar daftari”ni to‘rtinchi bosqichini o‘tkazish va ushbu xatlov jarayonlariga amaliy yordam berish maqsadida Navoiy shahar, Xatirchi, Navbahor, Qiziltepa, Nurota, Karmana tumanlarida sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot vakillari, bo‘lim boshliqlari va ishchi guruh a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishlarda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlashga ko‘maklashish, hududlarda xatlovlarni tashkil etish, "Ayollar daftari"ga kiritish hamda "Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini ijobiy hal etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vaziflar, ish jarayonida uchrayotgan muammolarning yechimi yuzasidan tegishli tushuncha va tavsiyalar berildi. Shuningdek, 2022 yil davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni takrorlamaslik, xatlov jarayonini sifatli tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj hech bir ayol e’tibordan chetda qolmasligi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish so‘nggida xatlov jarayonlariga mas’ul bo‘lgan ishchi guruh a’zolari tomonidan berilgan savollarga to‘lig‘icha javoblar berildi.
Bu kabi tadbirlar viloyatimizning boshqa tuman va shaharlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.