Shu kunlarda barcha hududlarda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari hamda aholini referendumda faollikka chorlovchi tadbirlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlarda O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi ham faol ishtirok etmoqda.
Viloyat Kengashida tashkil etilgan yig‘ilishda mas’ullar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati va referendumda fuqarolarning ishtirok etish tartiblari, uning ahamiyati haqida qatnashchilarga ma’lumotlar berdi.
Ta`kidlandiki, mamlakatimizda davom etayotgan siyosiy jarayonda har bir fuqaroning o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomillashtirishda ham xalqimiz o‘z orzu-istaklarini, takliflarini emin-erkin taqdim etdilar. Natijada xalqimizning istaklari to‘la aks etgan, chin ma’nodagi xalq Konstitutsiyasi yuzaga keldi.
Yig‘ilishda viloyat Kengashi xodimlari, tarmoq kengash raislari, mas`ul tashkilotchilar hamda kasaba uyushmasi faollari yangilanayotgan Konstitutsiya hamda referendum yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
— Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda tayyorlangani, uni shakllantirishda 220 mingdan ortiq takliflar tushgani va takliflarning har to‘rttadan biri inobatga olingani Bosh qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganidan darak beradi, – deydi O`zbekiston sog`liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Navoiy viloyat kengashi raisi Feruza Raximova. — Xususan, bugungi kunda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Ya’ni, Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda. Xususan, unda har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z turar joyiga ega bo‘lishini ta’minlaydi, odamlarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.
— Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanmoqda, – deydi O`zbekiston Ta`lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Navoiy viloyati bo`yicha mas`ul tashkilotchisi Anora Bobomurodova. – Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini ta’minlashda, aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi ham mustahkamlanmoqda. Bu yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganligidan dalolat.
Mazkur tadbirda ishtirokchilar ham so‘zga chiqib, amaldagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar adolatli jamiyat qurish, inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi ulkan qadam ekanini ta’kidladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumda o‘z siyosiy huquqlaridan foydalangan holda faol ishtirok etishlarini bildirdilar.
Dilafro`z O`razova, O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining
viloyat Kengashi raisining yoshlar masalalari bo`yicha maslahatchisi