O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashida mamlakatimizda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida kasaba uyushmalari faollari tomonidan olib borilayotgan milliy monitoring yuzasidan o‘quv-seminar tashkil qilindi.
Unda, "Bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazish uslubiyoti, 2023 yil paxta yig‘im-terimi mavsumida kasaba uyushmalari mehnat inspeksiyasining vazifalari” to‘g‘risida, terimchilar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida mehnat munosabatlari rasmiylashtirilishi, terim pullarini o‘z vaqtida to‘g‘ri va hech qanaqa ushlanmalarsiz to‘lanashi, terimchilarga shart-sharoitlar yaratilishi, tushlik vaqtida issiq ovqat, samovar ichimlik suvi tashkillashtirilishi hamda birinchi yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot xodimi zarur dori-darmonlar bilan biriktirilishi yuzasidan viloyat kengashi mehnat inspektorlari, murojaatlar bilan ishlash mutaxassisi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik Bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi mas’ullari, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tuman kengashlari raislari mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Qayd qilingandek, hozirgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun me’yordagidek shart-sharoitlar yaratish, bolalar mehnatidan foydalanmaslikni targ‘ib qilish, bu borada aholi qatlamlari orasida tushuntirish ishlarini olib borish keng yo‘lga qo‘yilgan. Barcha tuman va shaharlar markazlarida yo‘llar atrofiga bannerlar o‘rnatilgan bo‘lib, poster va bukletlar tarqatish ishlari ham uzluksiz davom etmoqda. Shuningdek, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, xorijga ketayotgan fuqarolarni begona yurtlarda majburiy mehnat qurboni bo‘lib qolishdan himoya qilish maqsadida «Ishonch» telefonlari ham tashkil etilgan. Eng muhimi, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berib, 2023 yil bugungi kuniga qadar Navoiy viloyatidagi korxona va tashkilotlarda, nodavlat notijorat korxonalarida ishchi-xizmatchilarni majburiy mehnatga jalb etish holati biror marta kuzatilmadi. Bunda viloyatdagi turli korxona va tashkilotlarda tuzilgan kasaba uyushmalari qo‘mitalarining ham munosib hissasi bor.
Boshlang‘ich kasaba uyushmalari qo‘mitalari ham o‘z o‘rnida korxona va tashkilotlarning umumiy jamoa yig‘ilishlarida XMT ning 105 va 182-sonli konvensiyalari talablarini mehnatkashlarga keng targ‘ib etgan holda tushuntirishlar olib borishlari ta’kidlab o‘tildi.
