ASOSIY RAHBAR CHIQISHLARI
O’ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING NAVOIY VILOYAT KENGASHI RAISINING OMMAVIY AXBOROT VOSITALARIDAGI CHIQISHLARI
-
2022 yil 11 noyabr “Ishonch” gazetasining maxsus sonida - Ko‘ngilga tushgan oftob nurlari
Hayotning go‘zalligi, oilaning mustahkamligi, farzandlarning baxt-iqboli, ko‘ngillar xotirjamligiyu olamning ozodaligi faqat ayol bilan. Hattoki, erlarning toju taxti ham ularning farishtali ayollari bilan to‘kisdir. Shuning uchun biz o‘zbeklarda uylarimizning ham, to‘ylarimizning ham to‘ri ayollarga tegishli. Ayol shunga arziydi va shuning uchun yaralgan.
Men ham oddiy ayolman, onaman. Farzandlarim jiddiyroq ishni boshlamoqchi bo‘lishsa, avvaliga niyatining ma’qul-noma’qulligini mendan so‘rashadi. Men dadangdan so‘ra deyman. Hattoki, uzoqroq joydagi to‘ylarga, do‘stlarining tug‘ilgan kunlariga borishni istasalar yoki ro‘zg‘orimiz uchun nimadir sotib olishni rejalashtirgan bo‘lsalar ham dastlab mendan izn so‘rashadi. Men yana dadasini o‘rtaga qo‘shaman. Chunki farzandlarimning dadasi oilamizning ustunidir.
Bu borada nafaqat men balki, oilasini, farzandlarining kelajagini, turmushdoshining izzit-hurmatini o‘ylagan o‘zbekning ming-minglab oqila ayollari xuddi shunday yo‘l tutishiga zarracha shubham yo‘q. Axir ro‘zg‘orning yuki otaning zimmasida bo‘lgandan keyin biz nima ham derdik?! Oilada erkakning o‘rni, hurmati, qadri hamisha bo‘lakcha. Buni anglash va anglatish uchun onalar mehr-andishali, farzandlar mo‘min bo‘lishlari joiz. Bir so‘z bilan aytganda, ahillik, oqibat bor joyda to‘kislik, to‘kinlik bo‘ladi.
Xo‘sh, hamma oilada ham siz bilan biz istagan ahillik bormi? Aytish mumkinki, besh barmoq barobar emas. Kim oldinda, kimdir orqada. Kimlarningdir oilasida hammasi ba’furja bo‘lishi tabiiy, kimlarnikidadir yetishmovchilik, kemtiklik mavjud. Kezi kelganda qo‘li kaltalik, kambag‘allik har qanday oilani parokanda qilib yuborishi ehtimoldan holi emas. Alqissa, zamon shiddat bilan o‘zgarayapti. Bugun bir oilada jamul-jam, ahil yashashning zahmatlari ancha kattadir. Ushbu zahmatning teng yarmi, gohida yarmidan ko‘prog‘i ham ayollarning zimmasiga tushayotganligi sir emas.
Ichimda bir azob borki ko‘nglimga sira xotirjamlik bermaydi. Buni qarang, zamona zayli bilan joylarda ayollaning mardikor bozorlari paydo bo‘ldi. Meni qiynayotgan azob shu bozorlar bilan bog‘liq. Ayollarning ish izlab, ro‘zg‘or tebratish maqsadida mardikor bozoriga chiqishini ilgari tasavvur ham qilolmasdik. Ne ko‘rgulikki, bugun bunga ko‘zlarimiz ko‘nikdi, o‘zimiz o‘rganib qoldik. Xo‘sh, ayolning aybi nimada? Erining tashlab ketganligimi? Yoki ota-onasining, farzandlarining e’tiborsizligi, kambag‘alligimi? Balki ularning erlari ish, pul axtarib xorijga ketib, qaytib kelishning yo‘lini qilolmayotgandir? Balki aldanib qolgandir. Ota-ona, farzandlar, aka-ukalar ham ilojsizdir. Bunday chorasizlikning davosini bozordan kim topibdi? Ayolning kuchi, qadri, qarori birorta bozorni obod qilganligini kim ko‘rgan? Yoki qaysi ayol mardikorlikdan topgan puli evaziga oilasini gullatib qo‘yibdi? Men hech qachon bunga ishonmayman. Hattoki, istamayman ham.
O’ylab ko‘rsam, hayotning ayolga atalgan og‘riqlari juda ko‘p ekan. Ayol uy supuradi, sigir sog‘adi, kir yuvadi, dalaga chiqib paxta teradi, saratonning issig‘ida samon tashiydi, farzandining birovdan kam bo‘lmasligi uchun begonalarning cho‘riligini qiladi, ba’zida otasidan dakki, onasidan qarg‘ish, farzandidan nolish eshitadi. Erining zug‘umiga ham chidashga majbur. Qo‘shnisining g‘iybatidan za’da bo‘lib pana joydan yo‘l izlaydi. Yaqin kishilaridan birini yo‘qotsa, ko‘ksiga mushtlab yig‘laydi. Shunda ham o‘zini o‘ylamaydi. Oilasi, ro‘zg‘ori uchun nimanidir umid bilan kutib yashaydi. Kezi kelganda o‘zini o‘zi ovutadi. Bu kunlar ham o‘tib ket-aa-r, deydi. Lekin bu kunlar o‘tgunicha ko‘p narsasini boy berganligini o‘zi ham bilmay qoladi. Yana ko‘chada nima ko‘p, ayollar aynib ketdi, bozorlarni egallab oldi, degan ta’na-dashnomlar ko‘p. Ayol bularning hammasiga chidaydi, ichiga yutadi. O’zining rangi samon bo‘lsa ham bolasi, oilasi omon bo‘lsa bas...
Achchiq bo‘lsa-da, to‘g‘risini aytaman, aslida ayol aynimadi, ayol o‘zgarmadi. Uzo-ooq yillar davomida noto‘g‘ri siyosat yuritildi. Jamiyatda ayolllarni har ishga majbur qiladigan mafkura yaratildi. Kambag‘allik avj oldi. Emin-erkin yashashga sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Erkaklar ishsiz, ilojsiz, imkonsiz holga keltirildi. Ulardan avvaliga g‘ururini, or-nomusini tortib olishdi. Kuch-qudratini, shakl-shamoyilini to‘kishdi. Hayot shunday tusga kirdiki, xotinlar erlarini, erlar farzandlarini, aka-ukalar opa-singillarini tan olmay qo‘yishdi. Oqibatda erkakning xushi, fayzi, qudrati ketdi. Ayolllar maftunkorligini, fusunkorligini, fidoiyligini yo‘qotib, ko‘chaga chiqish majburiyat his qildilar. Ayol umid bilan najot axtardi. Yaxshilik istadi.
Yaqinda 60 yoshga kirdim. Umrim davomida kamxarj, kamsiqum opa-singillarimiz qatorida shunday sabr-toqatli, tadbirli, sadoqatda tengsiz ayollarimizni ham ko‘rdimki, ularga chin dildan havas qilgan paytlarim ko‘p bo‘ldi. Nojoiz bo‘lsa-da aytay, eri juda nochor, qo‘lida hunari yo‘q, farzandlarning usti-boshi yupun, dasturxoni yillar davomida sarxil mahsulotlar bilan to‘lib-toshmagan. Qozoni bir kun undoq, bir kun bundoq qaynaydi. Ammo xotin tushmagur sirini ko‘chaga oshkor qilmaydi. O’zini oilasiga, eriga sajda qilib yashaydi. Ko‘rgiligi yo‘q bo‘lsa ham ko‘rgan kuniga ming martalab shukur qiladi. Uyida yig‘lasa, yig‘lar ammo ko‘chada kulib ketaveradi. Mana sizga qanoat, mana sizga o‘zbekning uyim-joyim deya o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga uradigan haqiqiy ayollari. Mana sizga asl o‘zbek ayolining toshi. Xayriyat, bunday fidoiy opa-singillarimizning, qizlarimizning kutgan kuni keldi. Bugun bardoshiga yarasha ko‘ngillariga oftob tusha boshladi.
Tan olishimiz shart, Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarning hayotini tubdan yaxshilash, ularning kam-kustini butlash, og‘irini yengil qilish uchun qo‘lidan nima kelsa, shuni amalga oshirmoqda. Imkoniyat topmoqda. Ta’bir joizki, buning barobarida opa-singillarimizning, qizlarimiz va onalarimizning turmushi farovonlasha boshladi. 2022 yilning yanvaridan to oktabr oyiga qadar bizning Navoiy viloyatimizda “Ayollar daftari” ga kiritilgan 20 ming 444 ta xotin-qizlarning 4 ming 871 nafariga shuningdek, ularning 390 nafar farzandlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. 5 ming 944 nafar opa-singillarimiz ishga joylashtirildi. 1 ming 647 ta xotin-qizlarimizga kreditlar ajratilib, ularning barchasi tadbirkorlikka yo‘naltirildi. Eng muhimi uy-joyga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan ayollarning 53 nafari uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan zamondoshlarimizdan 220 nafarining uy-joylari ta’mirlab berildi. Yil oxiriga qadar bunday ezgo‘ ishlar ko‘lami yanada kengayishi, bu raqamlar yanada ortishi muqarrar. Biz hozircha amalga oshirilgan ishlarning mingdan birini esga oldik xolos. Qarang, birgina “Ayollar daftari” ning yuritilishi bir viloyatda shuncha ayolga va yana shuncha xonadonga shukronalik olib kirdi.
2022 yilga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deya nom berilishida eng avvalo insoniy qadr-qimmat masalasi ilgari surilgan. Shuningdek, “2020-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” da belgilab berilgan eng ustuvor vazifalar ham yilning nomlanishiga hamohang bo‘lib, har ikkala hujjat faqat inson manfaatlarini, ayollarimizning qadr-qimmatini mustahkam himoya qilishga asoslangan.
Mamlakatimizda biz ayollarni faqat yaxshi kunlarga, haqiqiy saodatga yetkazish maqsadida amalga oshirayotgan muhim ishlardan yana biri shuki, ayollarga nafaqa tayinlash paytida bola parvarishi ta’tilida bo‘lgan vaqtni ham ish stajiga qo‘shib hisoblanishi kutilmagan yangilikdir. Farzand tarbiyasi uchun ketgan 3 yilni 6 yilga tenglpshtirish esa, xotin-qizlarimiz uchun hukumatimiz tomonidan tayyorlangan ajoyib sovg‘a bo‘ldi.
Men ham ayol hamda nodavlat, notijorat korxonaning rahbari sifatida bemalol ayta olamanki, yurtimizda “Ayollar daftari”ning yuritilishi ming-minglab xonadonlarga nur olib kirdi. Ko‘ngillarni yashnatdi. Ko‘pchilik opa-singillarimizni jo‘shqin hayotga qaytardi. Bu “daftar” bilan bog‘liq asosiy vazifalarni Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasiga yuklatilishi xuddi shu tizimda ishlayotganim uchun shaxsan mening zimmamga ham katta mas’uliyat ortdi. Demak, davlat rahbarining kasaba uyushmalaridan umidi katta, ishonchi cheksiz. Bevosita davlat Prezidentining o‘zidan topshiriq olib ishlash aslida hammaga ham nasib etavermaydigan baxt. Biz faoliyat olib borayotgan kasaba uyushmalari tizimi hukumatimizning doimiy diqqat-e’tiborida turishi barchamizni ikki hissa ortiqcha kuch bilan ishlashga chorlashi lozim.
Hukumatning g‘amxo‘rligi, Prezidentimizning odilona siyosati tufayli uy-joyli, ishli va daromadli bo‘lgan, sog‘liklarini tiklab olgan, farzandlarining ko‘zlariga bemalol tik qaray olayotgan opa-singillarimizning quvonchdan hungrab yig‘laganlarini juda ko‘p marta ko‘rdim. Eng muhimi, bu kabi ayollarimizning qalblarida “Bizga ham qaraydigan rahbar, bizni ham so‘raydigan Prezident bor ekan-ku,” degan samimiy dil rozlarini his qilish kishini juda-juda ruhlantiradi. Ich-ichingdan shukronalik tuyasan.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning turmushini tubdan yaxshilashga qaratilgan islohotlar, rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida yana ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Ularni birma-bir sanab nima qildik?! Bu boradagi yutuqlar ham, kamchiliklar ham o‘zimizniki. Shunisi aniqki, ko‘p emas, oradan biroz vaqt o‘tib ayollarimizning hayotida bundan ham ko‘proq va zalvorli, keskin o‘zgarishlar bo‘lishi muqarrar. Biroq, bersang yeyman, ursang o‘laman, deya kelar joydan kelarini kutib yotish hozirgi zamonaviy ota yoki onaning ishi emas. To‘kis, bekamu-kust yashash uchun faqat oldinga intilish, harakat qilish zarur
Ollohga shukr, yurtimiz tinch. Muhimi, har birimizda ertangi kunga ishonch bor. Bas shunday ekan, bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq mehnat qilgan kishi hech qachon yutqazmaydi. Erkaklarimizga g‘ururini, or-nomusini, ayollarimizga sarishtaligini, farishtaligini qaytarish uchun shuurimizda istak topiladimi? Topiladi! Demak, hammasi o‘zimizga bog‘liq. -
2022 yil 28 iyul “Ishonch” gazetasining 17-sonida - Yaxshilik qil, yaxshi bilan bo‘l!
Ayol yaxshilik va mehr-muhabbatga shunchalar tashnaki, unga bor-yo‘g‘i bir martagina samimiy e’tibor bersangiz, ozgina e’zozlab, saalgina qo‘llab yuborsangiz u dunyoning oshig‘iga, oilasining benazir quliga, yaxshilarning mehridaryo dastyoriga aylanadi. Uning muqaddasligi ham aslida shunda. Bir gap bilan aytadigan bo‘lsak ayol, ayniqsa, o‘zbek ayoli sadoqat, ehtirom va e’zoz ramzidir. Ming afsuslar bo‘lsinki, uzoq vaqt davomida biz buni unutib qo‘ydik. Xo‘rlanayotganligini ko‘rib ko‘rmaslikka, ezilayotganligini bilib bilmaslikka oldik. Oxir-oqibat onalarimizning, opa-singillarimizning yuragidagi qur, ko‘zlaridagi cho‘g‘ so‘na boshladi.
Xayriyat, xatolarimizni kech bo‘lsa-da anglab yetdik. Muhtaram Prezidentimizning xayrli tashabbuslari bilan ayollarimizga, ularning buguni va kelajagiga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Bugun ayol qaddini rostlayapti, o‘zligini topayapti, jamiyatga, oilasiga, hamma-hammaga kerak ekanligini his qila boshladi. Ayniqsa, “Ayollar daftari”ning tashkil etilishi va yuritilishi ming-minglab e’tibordan chetda qolgan xotin-qizlarning dardiga malham bo‘ldi. Bu borada birgina Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarga, oldindan rejalashtirilgan vazifalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u huu, qanchadan-qancha opa-singillarning, oilalarning quvonchi, bo‘y ko‘rsatayotgan orzu havaslari ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Navoiy viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutasaddilarining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida ishsiz yurgan 2757 nafar xotin-qizlar kasbi koridan, imkoniyatidan kelib chiqqan holda ish bilan ta’minlandi. Demak, “Ayollar daftari” sabab shuncha oilaga xursandchilik, hayotdan rozi-rizolik kirib keldi. 704 nafar orzumand opa-singillarimiz tadbirkorlikka yo‘naltirildi. Kelajakda ularning har biri kami bilan to‘rt-beshtadan ish o‘rni yaratsa, yana to‘rt yuz nafarga yaqin zamondoshimiz ishli, toparman-tutarmon bo‘ladi. 4307 nafar nogiron, ehtiyojmand xotin-qizlarga 5 milliard 168 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 151 nafar noturarjoylarda majburan yashab kelayotgan ayollarga amaliy yordam ko‘rsatilib, 75 million 500 ming so‘m miqdorida kompensatsiya mablag‘i ajratildi. Bunday e’zoz va e’tiborga tushgan ayollarning hammasi bugun jamiyatga kerakli ekanligini chin dildan his qilib yashamoqdalar.
Vatani bor kishi xor bo‘lmaydi deganlaridek, ona yurtning beminnat qo‘llab-quvvatlashi nitijasida sog‘ligini yo‘qotgan 40 nafardan ortiq navoiylik xotin-qizlar o‘tgan olti oy davomida birlamchi nogironlik guruhiga chiqarildi. Endi ular shu yurtning qaramog‘idadir. Ambulator tartibda 8 ming 278 nafar, statsionar tartibda 857 nafar xotin-qizlar davolandi. 5 mingdan ortiq zamondoshimizga sog‘liklarini tiklashlari uchun bepul dori-darmonlar berildi. Menimcha, bu raqamlar O’zbekistonda ayollarimizning qadr va e’zoz topayotganligining yaqqol misolidir.
Ayollarni e’zozlash, qadrlash haqida gap ketar ekan, shuni alohida ta’kidash lozimki, xalqimizda bu borada azaliy qadriyatlar ko‘p bo‘lgan. Biroq, uzoq yillar davomida hukmronlik qilgan noshud siyosat, noodatiy qarashlar ko‘pchilikni chalg‘itdi, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirdi. Ayolni jonsiz buyumga, keraksiz matohga aylantirib qo‘ydi. Natijada nafaqat ayolning o‘zi balki, butun jamiyat aziyat chekdi. Buning asoratlaridan hozir ham qutula olganimiz yo‘q. Alal-oqibat arzimas bahonalar bilan yosh oilalarning buzilib ketishiga ham yaqin o‘tmishning soxta, yolg‘onning ustiga qurilgan, bijg‘igan siyosati sabab bo‘lmoqda.
Yana bir bor Navoiy viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘tgan olti oy davomida 715 ta oila ajrim qilingan bo‘lsa, ularning 23 foizini bevosita yosh oilalar tashkil qiliyotganligining guvohiga aylanamiz. Bu degani buzilayotgan oilalarning har beshtasidan bittasi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ajrimlarning aksariyati er-xotinning o‘zaro kelishmovchiligi va xarakterlarining bir-biriga to‘g‘ri kelmaganligi tufayli yuz bermoqda. Buning qisman iqtisodiy sabablari ham bor, albatta.
Xotin-qizlar hayotini tubdan o‘zgartirish maqsadida olib borilayotgan samarali ishlar ko‘lamiga qaramasdan ajrimlarning ham ortib borayotganligi kishini taajjubga soladi ba’zan. Mana ikki yildirki, “Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimizga beminnat g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Uysizlarga uy -joy berilmoqda, boquvchisi yoki qarovchisi yo‘qlarning uylari ta’mirlanmoqda. Bemorlar davolanayapti, kimga pul kerak bo‘lsa pul, un kerak bo‘lsa un berilmoqda. Nochorlar o‘rtahol darajagacha tortilmoqda. Haq-huquqi poymol etilganlar hukumat darajasida himoyaga olinmoqda. Shunga qaramasdan oilaviy ajrimlarning uchrab turishi aqli raso har qanday kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Xo‘sh, buning chorasi bormi o‘zi? Bor! Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun birinchi galda oilaviy muhitni sog‘lomlashtirish shart. Qayerdaki ota-ona o‘zaro ahil bo‘lsa, qayerdaki ayol erkak bilan teng huquqli bo‘lsa, o‘sha joydagi oilalar tobora mustahkamlanib boraveradi. Buning uchun bizda yetarlicha asoslar bor. O’tgan ikki-uch yil davomida aynan shu masalada mamlakatimizda juda katta ishlar amalga oshirildi.
Jamiyatda xotin-qizlar o‘rnini yanada yuksaltirish, oilalarda sog‘lom muhitni yaratish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida Navoiy viloyatida sudlar, adliya, ichki ishlar, oila va xotin-qizlar boshqarmalari o‘rtasida alohida kelishuv mavjud. Bu kelishuvning natijasi o‘laroq 2022 yilning dastlabki olti oyi davomida viloyatdagi 470 oiladagi turli kelishmovchiliklar bartaraf etildi. Buzilish arafasida turgan 44 ta oilaning muammolari o‘z vaqtida hal qilinib, ularda sog‘lom oilaviy muhit yaratilishiga erishildi. Joylardan oilaviy kelishmovchilik yuzasidan kelib tushgan 1200 ta murojaatning 62 foizi ijobiy hal qilindi. Ya’ni buzilayotgan oilalar saqlab qolindi.
Sarishtali ayol – farishtali ayol deydi, xalqimiz. Shuningdek, oila mustahkamligini saqlash, har tomonlama sog‘lom va salohiyatli avlodni tarbiyalash borasida ayollarimiz zimmasidagi mas’uliyat ham tobora zalvorlashib borayotgani sir emas. Shundan kelib chiqqan holda Navoiy viloyatida yil boshidan to shu bugunga qadar joylarda 120 marta ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-huquqiy mavzularda turli tadbirlar tashkil qilinib ularda 10 mingdan ortiq xotin-qizlar ishtirok etishdi. Eng quvonchlisi ijtimoiy-siyosiy faolligi, salohiyati va bilimi oshirilgan 1595 nafar xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi yaratildi. Viloyat hokimligining tashabbusi bilan mavjud 330 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining har bittasida xotin-qizlar turmushini yaxshilashga qaratilgan alohida reja va dasturlar ishlab chiqildi.
Qissadan hissa shuki, yaqin yillar ichida o‘zbek ayoli ham bukilgan qaddini rostlab olishiga, o‘zining azaliy ayollik fazilatlarini dunyo uzra namoyon qilishiga zarracha shubha yo‘q. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Muhimi, jamiyatda shunga ehtiyoj, xalqimizda esa hohish va istak bor. Zero ezgu maqsad bor joyda xolis niyatlar ijobat bo‘lishi shubhasizdir. -
2022 yil 15 iyun “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasining 24-sonida - Oromgohlar mavsumga shay
Navoiy viloyatida joriy yil tasdiqlangan oromgohlar Dislokatsiyasiga asosan 11 ta statsionar oromgohlarda 14 ming 460 nafar, 7 ta kunduzgi oromgohlarda 1 ming 280 nafar jami 18 ta oromgohda 15 ming 740 nafar bolalarni sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan. Bu esa viloyatdagi 7-14 yoshli bolalarning 10,7% (viloyatda 7-14 yoshli bolalar soni 123 169 nafar)ni tashkil etadi.
Mavsumga viloyat bo‘yicha 465 nafar pedagog xodimlar, 106 nafar tibbiyot xodimlari, 54 nafar IIB xodimlari, 20 nafar qo‘riqlash xizmati, 48 nafar sport va suzish bo‘yicha yo‘riqchilar, 14 nafar kutubxonachilar, 17 nafar musiqa rahbarlari va 842 nafar texnik xodimlar jalb etildi.
Har bir oromgoh bo‘yicha 1 iyun holatida viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati markazi, O’z KUFK viloyat Kengashi, Ichkish ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Xalq ta’limi boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi oromgohni balansida saqlovchi tashkilot vakillaridan iborat maxsus Komissiya tomonidan har bir oromgoh kesimida O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 31 dekabrdagi 363-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan shakldagi dalolatnoma asosida sog‘lomlashtirish oromgohlarini qabul qilish belgilangan tartibda amalga oshirildi.
Mavsumni betalofat o‘tkazish bo‘yicha barcha tasarrufida oromgohlari mavjud korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlaridan Kafolat xati olindi hamda viloyat Muvofiqlashtiruvchi guruh raisiga taqdim etildi.
Shuningdek, 3 iyun kuni Qiziltepa xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Shodlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida mavsum tashkilotchilarining viloyat seminari tashkil etildi. Seminarda hamkor tashkilotlarning mas’ul xodimlari hamda barcha oromgohlarning rahbarlari, bosh tarbiyachilar, to‘garak rahbarlari, sport yo‘riqchilari, hisobchi va oshpazlar, tibbiyot xodimlari qatnashdi. Ularga viloyat Muvofiqlashtiruvchi guruhi a’zolari hamda Ishchi guruhi rahbarlari tomonidan yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Joriy yilning 4-5 iyun kunlari NKMK tasarrufidagi barcha oromgohlar, 5 iyun kuni “Qizilqumsement” AJ tasarrufidagi “Shaboda”, 6 iyun kuni viloyat Kengashi tasarrufidagi “Ishonch”, Qiziltepa tuman Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Shodlik”, 8 iyun kuni “Navoiyazot” AJ tasarrufidagi “Oftobjon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga birinchi smenaga bolalarni qabul qildi.
Ayni kunda viloyatdagi 10 ta shahardan tashqari (“Qizilqumsement” AJ tasarrufidagi “Shaboda” oromgohida 250 nafar, “Navoiyazot” AJ tasarrufidagi “Oftobjon” oromgohida 267 nafar, Qiziltepa xalq ta’limi tasarrufidagi “Shodlik” oromgohida 100 nafar, O’KUF viloyat Kengashi tasarrufidagi “Ishonch” oromgohida 110 nafar, NKMK tasarrufidagi “Sarmish” oromgohida 660 nafar, “Sug‘diyona” oromgohida 461 nafar, “Zarafshon” oromgohida 531 nafar, “Bolajon” oromgohida 430 nafar, “Pahlovon” oromgohida 300 nafar, “Kelajak” oromgohida 296 nafar) oromgohlarda 3 ming 405 nafar, 5 ta kunduzgi oromgohlarda 355 nafar jami 3 ming 760 nafar bolalar birinchi smenaga jalb etilgan.
Albatta yuqoridagi faoliyatni amalga oshirish uchun kasaba uyushmalarining ijtimoiy sug‘urta mablag‘laridan 500 mlndan ortiq, korxonalar mablag‘laridan 7 mlyardan ortiq, ota-onalar va hamkor tashkilotlar mablag‘laridan 1 mlrddan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Mavsum davomida barcha oromgohlarda sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ovqatlantirish ishlari bo‘yicha bir haftaga mo‘ljallangan namunaviy taomnoma tayyorlandi. Bolalarning o‘rtacha bir kunlik ovqatlanish narxi 70 ming so‘mdan 150 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, viloyatda bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumining borishini doimiy nazorat va monitoring qilib borish maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi qoshida Viloyat shtabi tashkil etildi. Oromgohlar rahbarlari bilan kunlik axborot almashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini tashkil etish, yuzaga keladigan muammo va kamchiliklarni xamkorlikda bartaraf etish maqsadida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar xodimlaridan iborat viloyat Shtabi tashkil etildi.
Viloyat Shtabiga ota-onalar, korxona, tashkilot va muassasalar ishchi-xodimlari hamda viloyatimiz aholisi tomonidan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar bo‘lgan taqdirda viloyat, tuman, shahar Muvofiqlashtiruvchi guruhlar va uning tarkibidagi Ishchi guruhlar a’zolari tomonidan masalaga oydinlik kiritgan holda, tezkor choralar ko‘rilib, kamchiliklar joyida bartaraf etilmoqda.
Ayniqsa, oromgohlar hududida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarining doimiy navbatchiligi tashkil etilib, oromgohga begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (Sanaqulov), Navoiy kon-metallurgiya kombinati “Jamg‘armasi” davlat muassasasining 2022 yilgi mavsumda kombinat tasarrufidagi “Bolajon”, “Sarmish”, “Zarafshon” oromgohlarda ming nafar “Ayollar daftari”, “Temir daftar” hamda “Yoshlar daftariga” hamda ko‘p bolali, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul dam oldirish va sog‘lomlashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanib, hozirda shu toifadagi bolalar ro‘yxati shakllantirilgan hamda 250 nafari “Sarmish”, “Bolajon” hamda “Zarafshon” shahridagi oromgohlarda bepul dam oldirilmoqda.
Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan mahallalardagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 50 nafar oilaning ro‘yxatini shakllantirilgan hamda O’zbekiston kasaba uyushmalari viloyat Kengashi tasarrufidagi “Ishonch” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 2 smenada ular dam oldirilishi ko‘zda tutilgan.
Barcha oromgohlarda ko‘chma kutubxonalar faoliyatini tashkil etilib, ularni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari, badiiy adabiyotlar bilan ta’minladik.
“Ma’naviyat va ma’rifat xonalari”ni zarur jihozlar bilan ta’minlash, milliy istiqlol ruhini aks etuvchi turli mavzulardagi plakatlar, bannerlar, ta’lim-tarbiyaviy yo‘nalishdagi shiorlar, ko‘rgazma vositalari bilan bezatishni tashkil etdik.
Respublikamizda koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida oromgohlarda sanitariya me’yorlariga rioya qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Oromgohlarda xizmat ko‘rsatadigan malakali shifokor va hamshiralar jalb etilgan.
Ilon va qoraqurt zahriga qarshi zardoblarni oromgohlar ehtiyojiga qarab yetarli miqdorda har bir oromgohga yetkazilgan.
Hamkor tashkilotlar tomonidan mavsum davomida oromgohlarda bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarini o‘tkazish hamda ularga madaniy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha Manzilli dastur ishlab chiqilgan.
oromgohlarda tashkil etiladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-sport tadbirlari Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan yuksak bayramona ruhda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Har yili mavsum yakuni bilan, shu jumladan, 2022 yilning sentabr oyida tegishli korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda 2022 yilgi mavsum yakuni bo‘yicha bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish tashkilotchilari viloyat Anjumanini o‘tkazamiz. Unda “Eng namunali bolalar oromgohi” ko‘rik-tanlovi to‘g‘risidagi Nizomga hamda “Bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumi tashkilotchilari hamda bolalar oromgohlari xodimlari” ko‘rik-tanlovi to‘g‘risidagi Nizomga asosan aniqlangan eng namunali oromgohlar, mavsum tashkilotchilari hamda oromgoh xodimlarining taqdirlanishini tashkil etiladi. G’oliblar kasaba uyushmalari va hamkor tashkilotlarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. -
2022 yil 11 noyabr “Ishonch” gazetasining bayram sonida -
Navoiyni anglash uchun Navoiydyek bo’lish kerak
Adabiyotimizning yetuk namoyondasi va davlat arbobi Alisher Navoiy haqida gap ketganda, uning turkiy va forsiy tillarda yozgan, mazmun-mohiyatiga sadoqat va muhabbat, odamiylik singdirilgan asarlarini yodga olamiz. Maslakdoshi Husayn Boyqaro bilan amalga oshirgan ulug‘ ishlarini eslaymiz. Ba’zida Alisher Navoiy shoir sifatida ham, davlat arbobi sifatida ham qiyinchilik ko‘rmaganligi, to‘la-to‘kis yashaganligi uchun sermazmun ijod qila olgan degan, fikrlarga borishimiz ehtimoldan holi emas. Aslida bu buyuk zot ham boshqalar kabi hayot tashvishlariga qorilib yashagan, yetimlik, g‘ariblik azoblariga duch kelgan.
Davlat ishi bilan bog‘liq nizolar, qirg‘inbarot urushlar, mansab va martaba talashishlar o‘z davrida Navoiy hayotiga ham ta’sir qilmasdan qolmagan. Kichik Nizomiddin (Asl ismi) to‘rt yoshidan boshlab maktabda tahsil olishga kirishgan bo‘lsa, o‘n besh yoshida nomdor shoir sifatida elga tanilgan. Otasidan juda erta ayrilgan. Hirotdan Mahshadga, Mahshaddan Samarqandga, Samarqanddan Astrobod, Balx sari ko‘chib yurgan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, ijoddan to‘xtamagan. Husayn Boyqaro va o‘z davrining serqirra olimu shoirlari bilan bilan munosabatlarini uzmagan.
Shoir sifatida hurmat-obro‘sining ortib borishi, davlat ishlaridagi muvoffaqiyatlari Navoiyni Sulton Husayn Boyqaro bilan yanada inoqlashtirgan. U mamlakat bosh vaziri lavozimiga ko‘tarilgan. Ammo o‘rtaga g‘alamis kimsalar tushib, Navoiy bilan Husayn Boyqaroning iliq munosabatlariga putur yetkazishgan. Natijada Boyqaro Navoiyni o‘z vazifasidan ozod qilib Astrobodga hokim qilib jo‘natib yuborgan. Keyinchalik Husayn Boyqaro Navoiyning davlat boshqaruvidagi xato va kamchiliklari saroy amaldorlarining xiyla-nayrangi ekanligin tushunib yetgan. Astrobodga safar uyushtirib, yana ijodiy muloqotlar qilish, hammaslaklikni davom ettirish istagi borligini Navoiyning o‘ziga bildirishni niyat qilgan.. Husayn Boyqaroning kelishini eshitgan Navoiy unga peshvoz chiqish barobarida o‘zini lohas seza boshlaydi. Ne ko‘rgo‘likki, Boyqaro yetib kelishi bilan Alisher Navoiy Ollohning omonatini topshirib, jon beradi.
Bu kabi voqealar bilan biz maktabda tanishganmiz. Biroq ancha yillar davomida Alisher navoiyning hayoti va merosini o‘rganishga yuzaki qaraganligimiz bizning katta xatomiz bo‘lgan. Gapning lo‘ndasini aytganda, Alisher Navoiy haqidagi bilimlarimiz shuning uchun ham sayozki, bizga ulug‘ mutafakkirning yozgan asarlarini tushuntirib beradigan ustozlar, kitob va risolalar yetishmaydi. Ko‘pchiligimiz “G’urbatda g‘arib shodumon bo‘lmas emish” ruboiysini yod olganmiz. Navoiy desa, darhol shuni takrorlaymiz. Vaholanki, o‘ntamizdan sakkiz, to‘qqiztamiz beshta mustaqil dostondan iborat “Hamsa” ni to‘liq o‘qib chiqmaganligimizni tan olishimiz lozim. Hattoki, o‘rta maktablarning adabiyot o‘qituvchilari ham bundan mustasno emas. Biz Alisher Navoiy bilan faxrlanish uchun uning asarlarini, hayotini, ezgo‘-maqsadlarini mukammal bilishmiz kerak.
Qissadan – hissa deganlaridek, Alisher Navoiyni anglashimiz uchun shoir asarlarini sodda va yengil qilib tushuntiradigan adabiyotlarni, o‘quv-darsliklarni ko‘paytirishimiz shart. Ehtimol, joylarda Navoiy maktablarini ham ochish joizdir. Shuningdek, pedagog-kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim maskanlarida Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlab alohida fakultetlar, kafedralar tashkil qilish bizni shoir bilan yanada yaqinlashtiradi. Bu o‘z o‘rnida buyuk o‘tmishdoshimizning asarlarini ommalashishiga ham xizmat qiladi. Maktabni bitirayotgan o‘quvchi bobomizning asarlarini lo‘g‘atsiz ham o‘qib, tushuna olsa, bu bizning katta yutug‘imiz sanaladi.
Darvoqe, Alisher Navoiy to‘g‘risida suratga olingan film hamon yagonaligicha qolmoqda. Farzandlarimiz Alisher Navoiy merosini mukammal o‘rganishi uchun shoir hayoti va ijodi haqida bolalarbop, ommabop filmlar yaratish ham ayni muddaodir. Ushbu filmlarni farzandlarimiz bir marta ko‘rgach, ekrandan uzilib ketolmasin, bilmaganlarini kitoblardan izlab topsinlar.
Targ‘ibot anglashdan boshlanadi. Maqsadimiz Alisher Navoiy asarlarini mukammal o‘rganish ekan, mamlakat miqyosida shoir hayoti va ijodi bilan bog‘liq turli tanlovlarni tashkil qilish, uning g‘oliblariga katta mukofotlar berish ko‘pchilikni o‘qishga, izlanishga chorlaydi. Bu tanlovlarga maktab o‘quvchilari, talaba yoshlar bilan birga o‘qituvchi-ustozlarni, turli soha vakillarini, katta lavozimdagi rahbarlarni-da jalb etish o‘zining ijobiy samaralarini berish turgan gap. -
2022 yil 3 noyabr “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasining 44-sonida - Hayotimiz ayol bilan ziynatlidir
Bolajonlarimizning kamoloti ham, hayotimizning go‘zalligiyu sarishtaligi ham bevosita ayollarimizning faoliyatiga, ularning jamiyatimizda tutgan o‘rniga bog‘liq. Ammo shunisi afsuslanarliki, qator yillar davomida opa-singillarimizning, keksa hamda boquvchisini, sog‘ligini yo‘qotgan onaxonlarimizning muammolariga nisbatan befarq bo‘lganligimiz o‘zining salbiy natijalarini ko‘rsatmasdan qolmadi. Sal bo‘lmasa biz ayolning kimligini, nimalarga qodirligini unutib qo‘ydik. O’z o‘rnida ayollarimiz ham o‘zlarini beshafqat taqdir qo‘liga tashlab qo‘ydilar. Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatida “Ayollar daftari”ning tashkil qilishni ilgari surishi qanchadan-qancha ko‘ngillarga malham bo‘ldi. Qisqa davrda kasalmand, ishsiz, uy-joysiz, kasbi-korsiz, huquqi toptalgan ayollar ro‘yxatga olinib, ularga o‘zlarini har tomonlama tiklab olishlari uchun amaliy yordamlar ko‘rsatildi va bu ish ayni pallada ham jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Birgina Navoiy viloyati misolida gapiradigan bo‘lsak, “Ayollar daftari” yuritilishining ikkinchi bosqichi doirasida ijtimoiy hamda huquqiy soha bilan bog‘liq muammolariga yechim izlayotgan opa-singillarimizning birortasi e’tibordan chetda qoldirilmadi. Xatlov jarayoni viloyatning 11 ta shahar va tumanlaridagi jami 307 ta fuqarolar yig‘inlarida o‘n kun davomida uzluksiz amalga oshirildi. Hammasi bo‘lib 201 ming 945 nafar xotin-qizlarning muammolari, ehtiyoj va qiziqishlari tubdan o‘rganildi. Ularning 15 ming 265 nafari bevosita “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Amaldagi tartib va qoidalarga ko‘ra “Ayollar daftari”ga kiritilgan zamondoshlarimizning muammolari to‘qqiz toifaga ajratildi. 4200 nafar ishsiz, 653 nafar boquvchisini yo‘qotgan, 1647 nafar nogiron, 27 nafar uy-joyi ta’mirtalab, 13 nafar noturar joylarda yashayotgan, 167 nafar qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan, 3970 nafar tibbiy yordamga muhtoj, 2386 nafar huquqiy himoyaga muhtoj, 2202 nafar psixologik maslahatga muhtoj ayollarga joriy yilning 1 oktyabrigacha bo‘lgan muddatda tegishlicha amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Belgilangan rejaga ko‘ra 2576 nafar zamondoshimizning bandligi yuz foiz ta’minlandi. Ularning aksariyati doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 33 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. 1 ming 211 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun 17 mlrd. 754 mln. 900 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘lari berildi. O’z o‘rnida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilgan ayollar tomonidan bir necha yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan birga mahalliy bozorlarga go‘sht va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi. Shuningdek, viloyat miqyosida parrandachilik baliqchilik, milliy kashtachilik va hunarmandchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida qator muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi.
Xatirchi tumanining “Tamabahrin” mahallasidan “Ayollar daftari” ga kiritilgan birinchi guruh nogironi Nafisa Ergasheva uy-joyga muhtojligi tufayli besh yildan buyon qiynalib kelayotgan edi. Prezidentimizning tashabbusi bilan bu singlimizga Navoiy shahridagi ko‘pqavatli uylardan barcha qulayliklarga ega ikki xonali yashash joyi ajratib berildi. Navbahor tumani “Keskanterak” mahallasida yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan Gulshan Rahmonovaning o‘zi ishsiz, uy-joyi ta’mirtalab edi. “Ayollar daftari”ga kiritilgach uning uyi ham sifatli ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, viloyatning Uchquduq, Tomdi, Konimex, Navbahor, Nurota tumanlarida, Zarafshon va Navoiy shaharlarida qiynalib yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj minglab opa-singillarimizga zaruratlaridan kelib chiqqan holda qo‘llab-quvvatlandi.
-Men ishsizligimdan, oilamizdagi yetishmovchilikdan juda-juda qiynalayotgan edim, - deydi, Konimex tumani “Sho‘rtepa” mahallasida yashovchi Rovaxon Axtambetova. – Bugun esa, baxtiyorligimning cheki yo‘q. “Ayollar daftari” yuritishni tashkil qilish tashabbusini ilgari surganligi hamda men shu daftar orqali mahallamizdagi tibbiyot bo‘limiga ishga joylashganligim uchun Prezidentdan, u kishining atrofidagi barcha yaxshi odamlardan toabad minnatdorman.
Haqiqatan ham mamlakatimiz bo‘ylab “Ayollar daftari”ning yuritilishi hamda shu ro‘yxat orqali jamiyat e’tiboridan chetda qolayotgan ayollarimizning muammolari bartaraf qilinayotganligi joylarda bir necha yuz minglab zamondoshlarimizning quvonchiga sabab bo‘layotganligi shubhasiz. Eng muhimi, birgina tashabbus bilan qanchadan-qancha oilalarga xayru baraka, tinchlik-xotirjamlik, hayotdan mamnunlik kirib keldi. Shu daftar orqali ayollarimiz baxtini, yo‘qotilgan rohat-farog‘atini topmoqda. Kelajakka yanada mustahkam ishonch va umid bilan qarashmoqda. -
2022 yil 9 fevral “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasining 17-sonida - Biz qadri ulug’lanayotgan xalqmiz?
Inson qachon qaddini tik tutib yashaydi? Qachonki, o‘z yurtida qadr topsa va ulug‘lansa! Ayni pallada, yangi O’zbekiston xuddi shu yo‘ldan bormoqda. Buni albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022 yil 28 yanvar kuni imzolangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi dasturi” to‘g‘risidagi farmonning mazmunidan ham anglash mumkin. Men mazkur farmon bilan tanishar ekanman, avvalo ayol, ona va rahbar sifatida uzoq o‘yga toldim. Uning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil qilgan inson manfaatlari bilan bog‘liq belgilangan vazifalar ko‘lamidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. O’yladimki, 20212 yilga bejiz “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”, deya nom berilmagan ekan. Shunday yurtda yashayotganingdan faxr-iftixorga to‘lasan kishi.
Farmonda urg‘o‘ berilgan fuqorolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, inson huquq va manfaatlarini yangi cho‘qqilarga olib chiqish, xotin qizlar va yoshlar muammolarini bosqichma-bosqich tugatib borish kabi masalalar anchadan buyon barchamizni o‘ylantirib kelayotgan edi. Davlatimiz rahbari buni o‘z vaqtida anglab yetdi va yechimini topdi. Endi faqat bir yoqadan bosh chiqarib, qo‘lni-qo‘lga berib ishlashimiz lozim. Buning uchun bizda sharoit ham, ikoniyatlar ham yetarli.
Bir gap bilan aytganda, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat mazkur hujjat yaqin yillar ichida hayotimizni tubdan o‘zgartirib yuboradigan kuchli to‘lqinga ega. Aslida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqorolik jamiyatini tuzish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, adolatli siyosatga amal qilish, ma’naviyat hamda ma’rifatga jiddiy e’tibor qaratish, umumbashariy muammolarga yondashishda milliy manfaatlardan kelib chiqish, shu bilan birga mamlakat xavfsizligi hamda mudofaa salohiyatini kuchaytirish har bir davlatning oldida turgan eng muhim vazifalar sanaladi. Manashu sohalarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan millatni hech qachon bo‘ysindirib, tob’e qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, ayollarini, keksalarini, farzandlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan xalqning irodasi, sabr-bardosha metindek mustahkam bo‘lishi shubhasiz.
Mamlakatimiz rahbarining mazkur farmoni ko‘p jihatlari bilan kishining hayratini oshirishi tabiiy. Jumladan, ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtini ish stajiga qo‘shib hisoblash, farzand tarbiyasi uchun ketgan 3 yilni 6 yilga tenglashtirish, ayollarning nogiron bolalarni 18 yil parvarishlagan davrini pensiyaga chiqish paytida mehnat stajiga kiritish masalasi opa-singillarimizni, onalarimizni behad quvontirgani tabiiy hol.
Mahallalar, fuqorolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlarini qayta-ko‘rib chiqish, moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, fuqorolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish institutini joriy etish kabi masalalar shunisi bilan dolzarbki, faoliyatmizga joriy qilingan mahallabay ishlash tizimining rivojlanishida bular suv bilan havodek asqotadi.
Barchamizga ma’lumki, yurtimizning har omonlama gullab-yashnashiga o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladigan yetuk kadrlarni tarbiyalash bevosita maktabgacha ta’lim, maktab ta’alimi hamda oliy o‘quv yurtlari faoliyati bilan chambarchas bog‘langan. Shundan kelib chiqqan holda shu yilning 1 aprelidan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning har oyda 3 mln. so‘mgacha to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan ozod etilganligi ayni muddao bo‘ldi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun zarur bo‘lgan darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat buyudjetidan 605 mlrd. so‘m ajratilishi, Hozirgisiga qo‘shimcha ravishda yana 141 mingta yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish, 2026 yilga qadar ularning miqdorini 6, 4 millionga yetkazish ishlari tezlik bilan o‘zining ijobiy samaralarini berishiga ishonchimiz komil.
Keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarin ko‘rasatish tizimini soddlalashtirish, qilgan jinoyatiga yarasha jazoni o‘tab qaytgan va tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘zining aniq loyihalariga ega bo‘lgan fuqorolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi ham xalqimiz tomonidan inson manfaatlarini to‘la-to‘kis kafolatlaydigan yangilik sifatida qabal qilinishi shubhasiz. Tezkor qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqorolarning qadr-qimmatini himoya qiladigan, erkinligini ta’minlaydigan samarali mexanizmlarni yaratish, ochiq va adolatli prokuratura faoliyatini mustahkamlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratilganligi taraqqiyot strategiyasining qimmatini oshirish bilan birga inson omili uchun munosib xizmat qilishini o‘ylaymanki barchamiz yaxshi tushunamiz.
Prezidentimizning mazkur farmonida e’tiborga olingan mamlakat iqtisodiyotini, sanoatini, formatsevtika sohasini rivojlantirish, tabiiy gaz, atomabil, qurilish materiallari, elektrotexnika vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni bir-necha barobarga oshirish bilan bog‘liq belgilangan chora tadbirlar o‘z o‘rnida farovonlikni, to‘kislikni ta’minlab qolmasdan har birimizni yangicha ishlashga, yashaga va o‘ylashga chorlaydi.
Mana bir necha yildirki, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xotin-qizlar hayotini tubdan yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, ularga ko‘rsatiladigan turli xizmatlarning sifatini yuqori darajagi olib chiqish, turar joylarga muhtoj ayollarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga psixologik, huquqiy yordam ko‘rsatish, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashni tashkil etish kabi masalalar ham “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonda o‘z aksini topganki, bu bizni yanada jips, hammaslak bo‘lishimizni talab qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur hujjat barchamiz uchun alohida dasturul amal bo‘lishi shart.