O’ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASI USTAVI
O’zbekiston Respublikasi |
O’zbekiston kasaba uyushmalari |
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi (bundan buyon matnda «Federatsiya» deb yuritiladi) - ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalarida kasaba uyushmalari a’zolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquq hamda manfaatlarini hamkorlikda amalga oshirish va himoya qilish uchun birlashgan O’zbekiston kasaba uyushmalari, kasaba uyushmalari tashkilotlarining hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hududida faoliyat yurituvchi), tarmoq birlashmalari tomonidan ixtiyoriy asosda tuzilgan Respublika jamoat birlashmasidir.
1.2. Federatsiya daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan nodavlat notijorat o‘zini o‘zi boshqaradigan kasaba uyushmasi tashkilotidir.
1.3. Federatsiya o‘z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi va respublika miqyosidagi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘zining a’zo tashkilotlariga ega.
1.4. Federatsiya o‘z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat va Fuqarolik kodekslari, O’zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida», «O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va ushbu Ustav asosida amalga oshiradi.
1.5. Federatsiya o‘z tuzilmasi, faoliyatining maqsad, shakl va uslublarini belgilashda erkindir, mustaqil ravishda o‘z organlarini shakllantiradi va shtatdagi xodimlar apparatini tuzadi.
1.6. Federatsiya o‘zining maqsad va vazifalariga muvofiq boshqa davlatlarning kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qiladi, kasaba uyushmalarining xalqaro va boshqa birlashmalariga kirishi mumkin.
1.7. Federatsiya qonunchilik, ijroiya va sud hokimiyati organlari, mehnat, atrof muhitni muhofaza qilish haqidagi qonunchilik ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, shuningdek, ish beruvchilar birlashmalari, siyosiy partiya va harakatlar, boshqa jamoat birlashmalari, yuridik shaxslar va fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
1.8. Federatsiya o‘z faoliyatida davlat va ijroiya hokimiyati organlari, ish beruvchilar, ularning birlashmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
1.9. Federatsiyaning nomlanishi:
o‘zbek tilida: to‘liq – O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi; qisqartmasi – O’zKUF;
rus tilida: to‘liq – Federatsiya profsoyuzov Uzbekistana; qisqartmasi – FPU;
ingliz tilida: to‘liq – Federation of Trade Unions of Uzbekistan; qisqartmasi – FTUU.
1.10. Federatsiya rahbar organi – O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi.
Kengashining joylashgan manzili: 100165. O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro ko‘chasi, 24-uy.
II. FEDERATSIYANING MAQSAD VA VAZIFALARI
2.1. Federatsiya a’zo tashkilotlarning kasaba uyushmalari a’zolarini ijtimoiy-mehnat va fuqarolik huquqlari, ishlab chiqarish, kasbiy, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, a’zo tashkilotlarning umumiy maqsadlariga erishish, umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, amaldagi qonunchilik doirasida ularning huquqiy kafolatlarini ta’minlash maqsadida tuzilgan.
2.2. O’z maqsadlariga erishish uchun Federatsiya:
2.2.1. O’zbekiston kasaba uyushmalari harakatining strategiya va taktikasini ishlab chiqadi, a’zo tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirishga, ularni mustahkamlashga ko‘maklashadi.
2.2.2. Ijtimoiy sheriklik tizimini rivojlantirishga, kasaba uyushmalari, ish beruvchilar va davlat hamda ijroiya hokimiyati organlarining uch taraflama hamkorligi prinsiplarining amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
2.2.3. Federatsiya, ish beruvchilarning Respublika birlashmalari va O’zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Bosh kelishuvni, Federatsiyaga a’zo tashkilotlarning manfaatlariga javob beradigan boshqa kelishuvlarni ishlab chiqish va tuzish tashabbusi bilan chiqadi, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
2.2.4. O’zbekiston Respublikasi tomonidan mehnat munosabatlariga oid xalqaro shartnomalar, konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishiga ko‘maklashadi, tegishli davlat hokimiyati organlariga mehnat munosabatlari, bandlik, mehnat migratsiyasi, kasb-hunar ta’limi, mehnat va sog‘liqni muhofaza qilish, kasaba uyushmalari huquqlari va faoliyatining kafolatlarini kengaytirish, gender tengligi, yoshlarga oid va ijtimoiy-mehnat sohasiga aloqador boshqa masalalarga doir qonunlar, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish haqida takliflar kiritadi, ularni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
|
YUKLAB OLISH | Hajmi 6.3 MB |