Ushbu BRIFINGni viloyat kengashi raisi Nazira Togʻayeva kirish soʻzi bilan ochdi va qatnashchilarga ishchi xodimlarning huquqlarini himoya qilish borasida oʻtgan 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar, oʻtkazilgan tadbirlar va ayni pallada mehnat inspeksiyasi va uning xodimlari oldida turgan muhim vazifalar ustida atroflicha maʼlumot berdi.
Barchamizga mahlumki, kasaba uyushmalari mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy manfaatlarini himoya qilibgina qolmay, ularga qulay va munosib mehnat sharoitlari yaratilishida, ishlab chiqarishda sodir boʻlishi ehtimoli katta boʻlgan baxtsiz hodisalarning hamda jarohatlanishlarning oldini olish masalasida ham alohida vakolatlarga ega.
2019-yilning 6-dekabrida qabul qilingan "Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunning 44-moddasiga muvofiq, 2020-yilning yanvar oyi dan boshlab kasaba uyushmalarining mehnat inspeksiyalari tuzildi. Uning tarkibida mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi yoʻnalishida MEHNAT TEXNIK hamda mehnat qonunchiligi yoʻnalishida MEHNAT XUQUQ inspektorlari faoliyat yurita boshladi.Mehnat inspeksiyalari tashkil etilgunga qadar, kasaba uyushmalarining vakillari faqat tizimga aʼzo boʻlgan korxona va tashkilotlarga kirish hamda mehnat munosabatlarini jamoatchilik asosida nazorat qilish huquqiga ega boʻlgan boʻlsa, yangi qonunning tegishli moddasi bilan mehnat inspeksiyalariga kasaba uyushmalariga aʼzo boʻlmagan korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ham mehnat huquqlarini himoya qilish vakolati berildi.
Shu munosabat bilan, koronavirus pandemiyasi xavfi kuchaygan paytda mehnat inspektorlari Milliy gvardiya, sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Navoiy viloyati boshkarmasi bilan hamkorlikda Navoiy shahri va tumanlardagi qurilish obyektlarida, savdo shaxobchalariyu, bozorlarda karantin qoidalariga amal qilinishini, harorat oʻlchagich, antiseptik vositalari bilan taʼminlanganligini hamda fuqarolarning tibbiy niqobda yurishlarini nazoratga olib, Navoiy viloyat teleradiokompaniyasida bir necha bor shu mavzuda koʻrsatuvlar tashkil qildilar. Shuningdek, ishchi-guruh tomonidan karantin qoidalariga amal qilmagan ish beruvchilarga jarima jazolarini qoʻlladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi "Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida xodimlarni tegishli ravishda mehnat shartnomasi tuzish paytida hamda ish davomida vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilish holati ham bevosita tarmoq kasaba uyushmalarining hududdagi vakillarining asosiy vazifasi sifatida qayd etildi.
Bundan tashqari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashining Mehnat inspeksiyasi tomonidan Navoiy shahridagi "ZARAFSHON GOLDEN GRUP”, "MINOR MILLINIUM”, "JOZIBALI KURILISH MONTAJ”, "ZI ALFA GRAND BYULDING”, "BRAYT INDUSTRIY BYULDING”, "SHARQ JILO MEʼMORI” HAMDA "NAVOIY TERS INVEST”, "ZIYO OY KLASSIK”, "NAVOIY KAPITAL INVEST STROY”masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, shuningdek jamoa shartnomalari va ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etilishi ustidan ham doimiy nazorat oʻrnatildi. Faoliyati oʻrganilgan 20 ta tashkilot rahbarlariga 218 banddan iborat koʻrsatmalar kiritildi.
2021-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun normal shart-sharoitlar yaratish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan monitoring ishlari amalga oshirildi. Tumanlar va shaharlar hududida, aholi gavjum joylarda paxta yigʻim-terimiga fuqarolarni erkin yollash toʻgʻrisida bannerlar joylashtirildi. Beshta paxtachilik tumanlariga 31 marotaba tashrif qilinib, 62 marotaba fermer xoʻjaliklariga, 24 marotaba umumtaʼlim maktablariga, 7 marotaba MTMlarga, 10 marotaba tibbiyot muassasalariga, viloyat va tuman hokimliklariga 11 marotaba, professional taʼlim muassasalariga 4 marotaba hamda tashkilot va muassasalarga 5-martadan tashriflar amalga oshirilib, mehnat munosabatlari toʻlaligicha oʻrganildi.
Aniqlangan kamchiliklar va holatlar yuzasidan viloyat bandlik Bosh boshqarmasining mehnat inspeksiyasiga aybdorlarga chora koʻrilishi yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.
Monitoring guruhi aralashuvi bilan "Navbahor tekstil” MCHJga qarashli paxta dalasida terilgan paxta uchun 70 mln soʻm, Konimex tumani "Jahon” fermer xoʻjaligida 10 300,0 soʻm hamda Xatirchi "Agro ekspert” MCHJda 3 mln soʻm berilmay qolgan terim pullar egalariga undirilib berildi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashiga 2021-yil davomida mehnat intizomi bilan bogʻliq jami 257 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 91 tasi yozma, 96 tasi ogʻzaki, 16 tasi elektron va 8 tasi "Ishonch telefoni” orqali amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashining Mehnat huquq inspektori va jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassislar tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga bugungi kunga qadar 16 ta daʼvo ariza kiritilib ularning barchasi qanoatlantirilgan. Fuqorolar foydasiga 16 230 mln soʻmdan ortiq moddiy va maʼnaviy zararlar undirib berilgan.
Federatsiyaning Navoiy viloyat Kengashi tomonidan koʻrib chiqilgan 91ta yozma murojaatlarning 83 tasi qanoatlantirilgan. Qolganlariga qonun doirasida va oʻz muddatida huquqiy tushuntirishlar berilgan. Viloyat kengashiga ogʻzaki tarzda kelib tushgan 96 ta murojaatlarga huquqiy tushuntirish berilgan.
Bundan tashqari, kengashning mehnat huquq inspektori mutaxassisi tomonidan mehnat qonunchiligi buzilishi bilan bogʻliq holatlarni bartaraf etish yuzasidan sud, prokuratura, soliq organlari, korxona, tashkilot va muassasalarga 13 ta xulosa taqdim etildi.
Jamoa shartnomalari orqali ijtimoiy himoya choralarini qoʻllashorqali 9257 nafar ishchi-xodimlar, pensionerlar, yosh bolali onalar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va yosh xodimlarni ijtimoiy-himoya qilish maqsadida jami 3482.3 mln soʻm mablagʻ sarflandi.
2021-yilning yanvar-dekabr oylari davomida viloyatdagi 450 ta korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchilar tomonidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga ogʻishmay rioya qilinishi oʻrganilib, bu borada amaldagi huquqiy hujdjatlarga qatʼiy amal qilishi zarurligi uqdirildi.
Mahbuba Qambarova, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi mehnat texnik inspektori.