Har yili 12 iyun - Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. 2002 yil Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan 12 iyun rasman bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda bolalar mehnatiga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bu masala davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasida bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik va ularning huquqlarini himoyalashning kuchli mexanizmlarini yanada rivojlantirishga shuningdek, xalqaro konventsiyalarga muvofiq milliy qonunchilik bazasi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkilotining 138, 182-konventsiyalari O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiyadan o‘tgan bo‘lib, uning me’yorlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilingan. «Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risida»gi 138-sonli Konventsiyaga binoan, ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh majburiy maktab ta’limini tugallash uchun zarur bo‘lgan yoshdan va har qanday holda o‘n besh yoshdan kam bo‘lmasligi zarur. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-moddasida belgilanishicha, ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.
Natijada O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish holatlarining mavjud emasligi Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan ham dunyo miqyosida e’tirof etildi.
Navoiy viloyat Karmana tumanida joylashgan "Ishonch” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida joriy yilning 11 iyun kuni "Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni”ga bag‘ishlangan "Bolalar mehnatiga barham berish uchun umumiy ijtimoiy himoya!” shiori ostida karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlar Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan "Shabboda”, "Shodlik”, "Oftobjon” va boshqa bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ham tashkil etildi.

Tadbirda viloyat Kengashi bo‘limlari, tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan turli yoshdagi bolalarga mazkur sananing mohiyati turli usullar orqali tushuntirib berildi. Jumladan, tadbir ishtirokchilariga Xalqaro mehnat tashkilotining tashabbusiga ko‘ra har yili 12 iyun barcha davlatlarda "Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” sifatida keng nishonlanishi hamda O‘zbekistonda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligidan xabardor etish, shu maqsadda olib borilayotgan tizimli sa’y-harakatlarni keng jamoatchilikka yetkazishdir. Tadbir davomida rasm chizish tanlovi hamda sportning shashka, shaxmat, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib ularda g‘olib bo‘lgan bolajonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir yakunida bolajonlar butun dunyo bolalariga ezgulik va baxt tiladilar.
O`zKUFning Navoiy viloyat Kengashi Mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi