Havaskorlar sportning stritbol, voleybol, stol tennisi, badminton turlari bo‘yicha juda katta kuch va imkoniyatlarini ishga solgan holda g‘oliblik uchun astoydil kurash olib bordilar. Ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida dastlabki bosqichda g‘olib bo‘lgan 18 ta jamoaning qatnashishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. G‘ozg‘on shahridan musobaqaga tashrif buyurgan jamoaning a’zolari bitta kam, ya’ni besh nafar xotin-qizdan iborat edi. Ammo ular spartakiadaga shunchalar kuchli tayyorgarlik ko‘rgan ekanki, tarkibda bitta voleybolchi yetmasada, navbatma-navbat 3 ta tuman jamoasi ustidan munosib g‘alabaga erishdilar. Ammo chorak finalga kelganda g‘ozg‘onliklar o‘yinni Navoiy shahar jamoasiga boy berib qo‘yishdi. Bundan qat’iy nazar jamoa a’zolari barcha muxlislarning cheksiz mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lishdi.

"Salomatlik spartakiadasi”ning stol tennisi, badminton musobaqalari ham Navoiy viloyatida professonallardan qolishmaydigan havaskor sportchilar borligini yana bir marta isbotladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, spartakiadaning Navoiy viloyati bosqichida uch yuzdan ortiq havaskorlar qatnashdi. Tushlikda barcha qatnashchilar hamda mehmonlar uchun 40 kilogramm guruchdan osh damlanib dasturxonga tortildi. Tushga qadar anch-muncha kuch sarflagan havaskor sportchilar oshdan so‘ng quvvatlarini tiklab oldilar va yana o‘zaro bellashuvlarga qizg‘in kirishib ketishdi.
Shunday qilib, kun botishi arafasida barcha g‘oliblar nomi aniq bo‘ldi. Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida Navoiy shahri jamoasiga birinchi o‘rin nasib etdi. Ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni qiziltepalik hamda navbahorlik sportchi qizlar ilib ketishdi. Stritbol bahslarida ham birinchi o‘rin navoiylik sportchilarga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni hududiy elektr tarmoqlari korxonasi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni navbahorliklar egallashdi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan badminton musabaqasida Navbahor tumanidan tashrif buyurgan Abbos Quchqorov birinchi o‘ringa loyiq topildi. Ikkinchi o‘rinni xatirchilik Jamoliddin Daminov egallagan bo‘lsa, navbahorlik Elyor Murodov uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Xotin-qizlar o‘rtasidaga bahlarda Navoiy shahri vakilasi Moxigul Xudoyqulova hamma dugonalaridan kuchli ekanligini namoyish etib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ikkinchi o‘rin Konimex tumani sportchisi Umida Berdiyevaga tegishli bo‘ldi. Navbahorlik Ma’suda G‘offorova faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan stol tennisi bahslarida birinchi o‘rinni karmanalik, ikkinchi o‘rinni qiziltepalik, uchinchi o‘rinni navbahorlik tenischilar band etishdi. Xotin-qizlar o‘rtasida kechgan qizg‘in bahslarda esa, g‘oliblik navbahorlik, ikkinchi o‘rin xatirchilik va uchinchi o‘rin Nurotadan kelgan tennischi barildi.

Normurod Musomov, "Ishonch” muxbiri