BOLAJONLAR MAROQLI DAM OLISHMOQDA » O‘zKUF Navoiy viloyat Kengashi
BOLAJONLAR MAROQLI DAM OLISHMOQDA

BOLAJONLAR MAROQLI DAM OLISHMOQDA

Bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida o‘quvchi-yoshlarni ma’nan barkamol, yetuk inson qilib tarbiyalash maqsadida dam olishlarini reja asosida, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni qamrab olgan holda tashkil etish oromgohlardagi bolajonlarni samarali, maroqli dam olishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda ta’lim-tarbiyaga birinchi darajali ahamiyat berilishining boisi – iymoni, e’tiqodi va axloqiy fazilatlari, milliy mas’uliyat tuyg‘usi qalbida chuqur ildiz otgan, ma’naviy barkamol fuqarolarga ega mamlakatgina mustaqil va barqaror rivojlana oladi.
Buyuk kelajak ma’naviy barkamol insonlarga tayangandagina yaratiladi, qad ko‘taradi.
Boshqacha aytganda ma’naviy barkamol insonlargina buyuk kelajakni yarata oladilar.
Sharqona axloq-odob va umumbashariy g‘oyalarni ongiga singdirib olgan kishi yuksak ma’naviyatli, ya’ni ma’naviy barkamol, komil inson hisoblanadi.
Ma’naviy barkamol kishilar xalq taqdiri va farovonligi, vatan taqdiri va uning ravnaqini o‘ylaydilar. Shuning uchun o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha ham tizimli ishlar qilinmoqda.
Bolalar va o‘smirlarning yozgi sog‘lomlashtirish davri muayyan aniq belgilangan muddat va sharoitda o‘tkazilib, ta’lim tizimining bir qismi bo‘lmog‘i va ma’naviy-ma’rifiy tarbiya izchilligini ta’minlashi lozim.
Bu davrning o‘ziga xosligi – barcha bolalarning erkin ravishda o‘z qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun katta imkoniyat yaratishi hamda o‘quv yili davomida o‘quv yuklamalarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan jismoniy, aqliy va ruhiy-emotsional zo‘riqishlarni bartaraf qilish, bolalarning yangi o‘quv yiliga lozim bo‘lgan tayyorgarlik bilan kelishlarini ta’minlashi bilan xarakterlanadi.
O’quvchilarning iste’dodini yanada rivojlantirish, dunyoda bo‘layotgan voqea va jarayonlarga o‘z munosabatlarini aniq bildira oladigan mustaqil fikrga ega, vatanparvar hamda xalqimizga sadoqatli farzand etib tarbiyalashda yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarining o‘z o‘rni bor.
Navoiy viloyatida 2023 yilning yoz mavsumida 18 ta oromgoh faoliyat olib bormoqda, shundan 11 tasi statsionar, 5 tasi kunduzgi, 2 tasi mehnat va dam olish oromgohlaridir. Oromgohlar 4-smenada faoliyat olib boradi.
Viloyatda 4-smenada 11 ta oromgohda jami 15440 nafar bolalarni dam oldirish rejalashtirilgan. Shundan, 1-mavsumga 3 621 nafar bola qabul qilindi va birinchi smena rejasi 101 % ga ortig‘i bilan bajarildi.
Viloyatimizda 2023 yilning yoz mavsumida faoliyat ko‘rsatadigan 18 ta oromgohga 900 nafarga yaqin pedagoglar jalb qilingan.
Bolajonlarning vitaminlarga boy besh mahal ovqatlanishi, suv havzasi va dushlarda cho‘milishi bilan bir qatorda, ularga har kuni askorbin-vitaminlari va fitochoy damlamalaridan tayyorlab berilishi bolajonlarning sog‘ligini mustahkamlash bilan bir qatorda ularning hech qanday shamollash va kasalliklarini o‘ziga yuqtirib olishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Oromgohlarda bolalar adabiyotlari va yangi nashrlarga boy kutubxona, ijodiy-badiiy to‘garaklar, sport to‘garaklari, ingliz tili va kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, oromgohlarda maxsus dastur asosida mashg‘ulotlar, fan kechalari, viktorinalar, mushoiralar, turli tanlov va musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Yozgi oromgohlarining asosiy maqsadi – oromgoh faoliyatini yuksak ma’naviyat mezonlari asosida tashkil etib, farzandlarimizning dam olishini mazmunan boyitishdan iboratdir.
Viloyatdagi oromgohlar va ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar organlari, viloyat qo‘riqlash boshqarmasi bo‘linmalari xodimlari hamda bolalar salomatligini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida viloyat Sanitariya Epidimologiya va jamoat salomatligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi.
Barcha oromgohlarga bolalar avtobuslarda, yo‘l patrul xodimlari kuzatuvi ostida, olib borilib, ular oromgohlarga xavfsiz yetkazilmoqda.
Oromgohga biriktirilgan sanitariya vrachi tomonidan oromgoh hududi, yotoqxonalar, cho‘milish havzasi, yuvinish joylari, sport maydonlari, oshxona va omborxonalarning sanitariya holati, sanitariya va gigiyena talablariga amal qilinishi to‘la nazoratga olingan.
Viloyatda departament qoshida mavsum davomida ishlaydigan hududiy shtab tuzilib bolalarning oromgohlarga qabul qilinishi, mavsumning borishi to‘g‘risida kunlik ma’lumotlar yuritilmoqda hamda Respublika shtabiga va viloyat hokimligiga taqdim etilmoqda.
Viloyatimizdagi oromgohlarda sport musobaqalari va har xil turdagi to‘garaklar tashkil qilingan. Madaniy–ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha ssenariylar namunalari ishlab chiqilib, 1-smena davomida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalar o‘rtasida "Quvnoq-startlar” sport musobaqalari "Zakovat" o‘yinlari va "Talant shou” tanlovlari departament kubogi tarzida Mustaqilligimizning 32 yilligi bilan hamohang bayramona ruhda o‘tkazilmoqda.
Oromgohlar o‘rtasida sog‘lom, do‘stona raqobat uyg‘otish va bolalarning vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda oromgohlar faoliyatini yanada ko‘rsatish va targ‘ib etish maqsadida Navoiy viloyatidagi oromgohlar o‘rtasida 5 ta yo‘nalishda "DEPARTAMENT KUBOGI” video roliklar tanlovi o‘tkazilmoqda. (4-smena yakuni bilan final bosqichi o‘tkazilib, departament kubogi g‘oliblarga topshiriladi).
Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i M.Mansurov

BOSHQA YANGILIKLAR