Kecha Navoiy shahar "Ma’naviyat va ma’rifat markazi” binosida 11 – noyabr O’zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan katta bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyat kasaba uyushmalari kengashi jamoasi faollari, tarmoq va boshlang‘ich qumitalarning rahbar hamda a’zolari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ushbu bayramona tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, avvalo yurtimizda O’zbekiston kasaba uyushmalari tizimining faoliyati haqida to‘xtaldi. Mehnatkashlar manfaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning huquqiy, moddiy va ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy salohiyatini va bu boradagi bilimlarini, ko‘nikmalarini oshirish borasida tizim tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yuqori baholadi.
Ayniqsa, ishsizlikka barham berish, yoshlarimizning intelliktual salohiyatini oshirish, ba’zi bir sabablarga ko‘ra e’tibordan chetda qolgan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan, ishsiz zamondoshlarimizning hayotini, turmush tarzini yaxshilash borasida o‘rtaga tashlanayotgan tashabbuslarni hamda amaliy ishlarni katta mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Shuningdek, bunday ezgo‘ ishlarning boshida turgan kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati va uning Navoiy viloyati kengashi jamoasiga chin dildan minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng so‘z olgan viloyat kengashi rahbari Nazira Tog‘ayeva ham tizim faollariga, faxriylarga chin dildan minnatdorchilik bildirish barobarida barcha qatnashchilarni mazkur bayram bilan samimiy tabrikladi. O’z o‘rnida kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimi va uning atrofida faqat yaxshi, samimiy hamda fidoiy insonlar yig‘ilganligini barchaga yana bir bor eslatdi.
Bayram tadbiri davomida "Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, "Eng yaxshi hokim yordamchisi”, "Eng yaxshi mahalla raisi”, Eng yaxshi xotin qizlar faoli”, "Eng yaxshi sektor rahbari” tanlovlarining g‘oliblari ham xolisona xizmatlari evaziga munosib taqdirlandilar.
O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi mehnat huquq inspektori Alisher Rahmatov "Ehtirom” nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, "Navoiy azot” AJ. kasaba uyushma qumitasi raisi Feruza Fayziyeva "Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritganligi uchun munosib mukofotlandi.
Navoiy davlat pedagogika institutining tabiiy fanlar fakulteti 3-bosqich talabasi Bekoyim Mustafoyevaga O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi stipendiyasiga sazovor bo‘lganligi haqida alohida sertifikat topshirildi. Karmana tumani 14-umumta’lim maktab tarix fani o‘qituvchisi Husan Parmonov ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi evaziga viloyat kengashining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri davomida kasaba uyushmalari tizimi va mahalliy hokimiyatlar zimmasidagi vazifalarni bajarilishigi sidqidildan hissa qo‘shgan ichki ishlar organlari, prokuratura xodimlari, faxriylar, ish beruvchi tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlar faoliyati ham alohida tilga olinib, ularga samimiy minnatdorchilik bildirildi.
Tadbir so‘ngida barcha qatnashchilar uchun viloyatning taniqli san’atkorlari ijrosida katta kansert dasturi tashkil etildi.