Joriy yilning 29 mart kuni O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tomonidan O’zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda "Xodimlar uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratilishida jamoatchi vakillarning roli” mavzusida tarmoq boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida saylangan jamoatchi vakillar uchun amaliy-seminar tashkil etildi. Seminarda Respublika Kengashining mehnat muhofaza qilish bo‘yicha bosh mutaxassisisi Sagdullayev Mirkamal Miradilovich va "O’zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatining texnika xavfsizligi bo‘yicha bosh mutaxassisi Kim Vitaliy Nikolayevichlar ishtirok etdilar.
Seminarni viloyat Kengashining rais o‘rinbosari Isoqov Normurod Isroilovich kirish so‘zi bilan ochib, seminardan ko‘zlangan maqsad hamda erishilishi kutilayotgan natijalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Respublika Kengashining bosh mutaxassisi M.Sagdullayev "Jamoatchi vakillarni saylanishi, ularning ish-rejalarini ishlab chiqilishi, ish-reja asosida ishlarni tashkil etish, korxona va tashkilotlarda uch pog‘onali nazoratni olib borish, korxonaning maxsus kiyim, maxsus poyabzal tarqatish komissiyalarida, ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazish, baxtsiz hodisalar tekshirish ishchi-guruhlarida ishtirok etishi hamda vakillarning huquq va vakolatlari” to‘g‘risida ma’ruza qildi.
"O’zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatining texnika xavfsizligi bo‘yicha bosh mutaxassisi Vitaliy Kim so‘zga chiqib, korxona va tashkilotlarda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalar, qanday baxtsiz hodisalar tekshirilib hisobga olinishi, eng muhimi baxtsiz hodisa sodir bo‘lmasligi va uni oldini olishda nimalarga e’tiborni qaratib, nazoratni kuchaytirish to‘g‘risida seminar ishtirokchilariga ma’lumotlar berdi. Xususan jamiyatning o‘zida bu borada olib borilayotgan ishlar bilan o‘rtoqlashdi.
Amaliy seminarda Viloyat Kengashining mehnat texnik inspektori M.Kambarova o‘z ma’ruzasida, 2023 yilda hamda 2024 yilning 1-choragida jamoatchilik nazorati o‘tkazilgan bir qator korxona, tashkilot va muassasalarda jamoachi vakillar tomonidan ishlar yetarli darajada olib borilmaganligi, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tomonidan vakillar malakasi oshirilishiga e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilganligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida to‘xtaldi.
Seminar so‘ngida ishtirokchilarga "Jamoatchi vakil” to‘g‘risida videorolik namoyish etildi. Amaliy seminar savol-javoblarga boy tarzda qiziqarli o‘tdi.
M.Kambarova,
O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining
Navoiy viloyat Kengashi mehnat-texnik inspektori