Ma'lumki bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bu orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta'minlash masalalari davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarilgan. Oxirgi yillarda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilib, salmoqli natijalarga erishilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi ham har bir korxona, tashkilot va muassasada xodimlar va ularning oila a'zolari o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, ommaviy sport turlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish gimnastikasini yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, bugun Navoiy shahrining "Yoshlar markazi” binosida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan "Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” g‘oyasi ostida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yosh xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini tashkil etish, yoshlar o‘rtasida shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish, ishtirokchilarning sport mahoratini oshirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashining "Yosh xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan idoraviy chora-tadbirlar dasturi”ning 15-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida havaskor yosh ishchi-xodimlar o‘rtasida sportning "Shaxmat” turi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida musobaqa tashkil etildi.
Ushbu musobaqani tashkil etishdan maqsad eng avvalo xodimlarimiz ayniqsa, yosh mehnatkashlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ommaviy sportni rivojlantirishdir.
Albatta, sport musobaqalari nafaqat salomatlikni mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta'minlashga, balki ish unumdorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Shu bois bu kabi musobaqalarni ko‘proq uyushtirishga harakat qilmoqdamiz.
Qizg‘in bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblik va sovrindorlik "Navoiyazot”AJ elektramontiyori Abbos Axtamov 1-o‘rinni (erkaklar o‘rtasida), Navbahor tumani BO‘SM qorovuli Shuxrat Aktamov 2-o‘rinni, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi bosh hisobchisi Javlon Narziyev 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, ayollar o‘rtasida Navbahor tumani BO‘SM hamshirasi Munisa Jumayeva 1-o‘rinni, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi yuriskonsulti Nozima Murodova 2-o‘rinni, Navoiy viloyat ekologiya va atrof – muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Navoiy shahar inspektsiyasi 1-toifali inspektori Fotima Qarshiyeva 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Haqiqatdan ham harakat hayot asosidir. Sport musobaqalarida o‘zaro kuch sinashgan xodimlarning maqsadi ham faqatgina g‘olib bo‘lish emas, balki do‘stona bellashib, hamjihatlikni oshirish bo‘ldi. Shu bois har bir ishtirokchilar musobaqa davomida bir-birlarini izchil qo‘llab-quvvatlab turdilar.
Musobaqa g‘oliblaridan 6 nafariga Xarazm shahriga 2 kunlik sayohat uchun bepul yo‘llanma ajratildi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga viloyat kengashining esdalik sovg‘alari hamda diplomlari topshirildi.
Dilafro‘z O‘razova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
